"Atletiko" va "Baselona" Antuan Grizmanning to'liq transferi borasida kelishuvga erishishga yaqinlar. Klublar tez orada frantsuzning 20+2 mln evrolik transferi borasida shartnoma imzolashadi — bu haqda Relevo xabar bermoqda va ma'lumotni Marca tasdiqlamoqda.
Grizmanning o'zi maoshining 30%ga tushishi bilan yangi uzoq muddatli shartnoma imzolaydi — yiliga 7 mln evrogacha. Kelishuvga erishishda asosiy faktorlar Diego Simeone va Antuanning o'zi bo'ldi.
Sentyabr oyida Grizmanning atrofidagi vaziyat va uning Madrid klubidagi o'yin amaliyoti bilan bog'liq gap-so'zlar ko'p yangradi — "Barsa" hatto "Atletiko" bilan sudlashishga tayyor edi.
Kontekstni eslatamiz.
"Atletiko" "Barsa" 40 mln evrolik xarid qilish huquqini to'lamaslik uchun Grizmanni 60-daqiqadan so'ng tushirdi. Kataloniyaliklar sudga murojaat qilish bilan tahdid qildi
Grizmann ushbu mavsum deyarli barcha o'yinlarda 60-daqiqadan so'ng maydonga tushdi. Faqatgina La Ligadagi "Real" va ChLdagi "Bryugge" bilan o'yin istisno bo'ldi — Antuan ularda to'liq 90 daqiqa harakat qildi.
Gap "Barsa" va "Atletiko" o'rtasidagi ijaraga kelishuvidagi shartlarda edi. "Atletiko" Grizmanni agar o'yinchi klubdagi ikki mavsum davomida 50% o'yinlarda kamida 45 daqiqada harakat qilsa, 40 mln evroga xarid qilishga majbur edi. Insayder Fernando Poloning qo'shimcha qilishicha, ilk mavsumdagi 50% o'yinlar ijaraning yana bir mavsumga avtomatik uzaytirilishiga olib keldi.
Simeone Grizmanning 60-daqiqadan so'ng tushishi klubning qarori ekanligigi sha'ma qildi, prezident Enrike Sereso esa ma'suliyatni argentinalikka ag'dardi.
"Antuan — ajoyib o'yinchi va u biz bilan ekanligidan juda ham mamnunman. U ajoyib inson va menda u bilan ajoyib munosabatlar bor. Men faqatgina uning zo'r o'yinchi va biz bilan ekanligini ayta olaman. Men hech qachon tarkib yoki shunday turdagi masalalar bilan shug'ullanmayman", — deb aytdi prezident Sereso.
Antuanning o'zi xavotir olmadi va shunchaki jamoaga foyda keltirmoqchi bo'ldi.
"Hammasi boricha. Bu mening qo'limda emas. Men Xudodan shu erda ekanligim uchun minnatdorman. Oilam baxtli. Albatta, ko'prog'ini xohlardim, ammo olayotgan barcha daqiqalarimga borimni bermoqchiman. O'zimni klub insonidek his qilyapman. Bu erda baxtliman va shunchaki o'ynashni, klub, murabbiy va muxlislar uchun barchasini berishni xohlayman", — deb tan oldi o'yinchi "Portu" bilan o'yindan keyin.
"Barselona"ni esa bu vaziyat cho'chitdi. ESPN'ning yozishicha, klub "Atletiko"ning hoziroq Grizmann uchun 40 mln evro to'lashga majburligini yozmoqda, sababi u o'tgan mavsum 37ta o'yindan 30tasida 45 daqiqadan ortiq o'ynagan. Ijara kelishuvining aniq yuridik tomonlari noma'lum edi — "Barsa" shunchaki unda harakat qilish uchun sabab borligiga sha'ma qildi.
"Atletiko" ehtimoliy da'vo haqidagi ma'lumotlar chiqishini bosim qilishga urinish deb hisobladi. Grizmanning 60-daqiqadan so'ng maydonga chiqishi esa hech qanday tarzda isbotlab bo'lmaydigan yoki inkor etib bo'lmaydigan texnik echim sifatida tushuntiriladi.
El Larguero nashri kataloniyaliklarning da'vo tayyorlashayotganini yozdi. "Barsa" Antuanni qaytarishni xohlamadi, sababi uning yiliga 20 mln evrolik maoshi qattiq limit shartlarida muammo bo'lardi. "Atletiko" o'yinchi joriy mavsum so'nggida 32 yoshni qarshilaydigan o'yinchi uchun 40 mln evro to'lashdan cho'chidi va narxni 15 mln evrogacha tushirmoqchi bo'ldi.
Vaziyatga hatto La Liga prezidenti Xaver Tebas ham qo'shildi: "Kerakli organ buni hal qilsin. Bunday holat birinchi marta sodir bo'layotgani yo'q. Muammo arbitraj sudiga yuborildi va aynan shu darajada hal etilishi kerak. 6 oydan so'ng shikoyat qilishini mumkin bo'lmagan qaror qabul qilinadi".
Sud qarorini kutishga to'g'ri kelmadi — klublar o'rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatli o'tdi. "Atletiko" nihoyat Grizmanndan cheklovlarsiz foydalanishi mumkin.
→ Grizmann yana 60-daqiqadan so'ng maydonga chiqdi. "Barsa" sudga borishga tayyor
Alisher Ostonov
7-Oktyabr 2022,22:15