"Portu", "Inter" va "Chelsi"da katta muvaffaqiyatlarga erishgan Mourino, dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan biri hisoblanadi. Ammo uning sovrin yutishdan ham ko'ra, kuchliroq bir instinkti bor. U ham bo'lsa, qo'l-ostidagi o'yinchilari bilan janjallashishdir. Quyida portugaliyalik mutaxassis va u bilan urshib qolgan futbolchilardan tuzilgan jamoa e'tiboringizga havola etiladi.
Darvozabon: Iker Kasilyas
Mourino Kasilyas haqida aytgan yaxshi gaplarini bir chetga surib turaylik. Joze ispaniyalik afsonani yoqtirmasligiga bir qancha asoslar bo'lgan. Xususan, Mourinoga Kasilyasning "Bernabeu"dagi obro'si xush kelmasdi. Mourinoga Kasilyasning "Barselona"dagi futbolchilar bilan do'st tutingani yoqmasdi. Mourinoning ta'bini Kasilyasning rafiqasi jurnalist bo'lgani xira qilardi. Eng asosiysi, Kasilyas uning "Real"da qo'llayotgan taktikalarini yoqlamasdi. Bu esa Mourinoning g'azabini qo'zg'ardi. Aynan shu bahonalar bilan 2012 yilning yozida sotib olingan Diego Lopes, Kasilyasning o'rnini egallaydi. Bu esa Mourning o'chi edi.
Markaziy himoya: Serxio Ramos
Ha, Mourino Madriddagi davrini klub afsonalari bilan teskari bo'lish bilan o'tkazib yuboradi. Hech kim tashqaridan u va Ramos o'rtasida muammo bor deb o'ylamasdi. Aslida esa shunday bo'lgan. Masalan, Mourino Mesut O'zilni zaxiraga olganida Ramos germaniyalik do'stining libosini kiyib oladi. Bu esa murabbiyga kichik isyon edi.
Markaziy himoya: Rikardu Karvalyu
Afsuski, bir paytlar eng yaqin bo'lgan odamlar orasiga ham sovuqchilik tushadi. 2005-06 yilgi mavsum oldidan Mourino Karvalyuni asosiy tarkibga kiritmaydi. Bundan esa futbolchi xafa bo'ladi. O'shanda Mourino shunday degandi: "Bilmadim, Rikardu nega unday qilayapti. Balki unda voqealarni anglash borasida muammolar bordir. Balki u shifoxonaga borib, ruhshunosga uchrashi lozimdir". Shunga qaramay, bu juftlik uzoq vaqt birga ishlagan.
O'ng qanot himoya: Vilyam Gallas
Himoyachi "Chelsi"dagi oxirgi damlarida Mourino bilan kelisha olmay qoladi. Shunda Gallas Mourinoga qarata, agarda jamoadan ketishiga ruxsat bermasa, o'z darvozasiga gol urishini aytgan. 2006 yilda futbolchi "Arsenal"ga yo'l oladi.
Chap qanot himoya: Denni Rouz
Rouzning Mourino bilan janjali yaxshigina esimizda. Bu narsa hatto hujjatli filmda ham o'z aksini topadi. O'sha sahnada Rouz Mourino oldiga kirib, undan ko'proq o'yin vaqti so'raydi. Ruxsat olmagach, futbolchi bu masalani Daniel Levi bilan gaplashishini aytadi. 2020-21 yilda qilgan ishi uchun Rouz klubning yoshlar jamoasiga yuborilgandi. Ko'p o'tmay, futbolchi Mourinoning iste'fo berishini xursandchilik bilan kutib oladi.
Yarim himoyachi: Pol Pogba
Hammasi qaerdan boshlanganini bilamiz. Pogba "MYu"da porlashi mumkin edi. Ammo Mourino kelib hammasini yomon tomonga o'zgartiradi. U na klubni, na futbolchilarni yaxshilay oldi.
Yarim himoyachi: Dele Alli
Mourinyoning "Tottenxem"dagi birinchi o'yini "Vest Xem"ga qarshi kechadi. O'shanda Dele Alli o'zini ko'rsatadi. Hammasi zo'r ketayotganday edi. Afsuski, birdaniga vaziyat o'zgaradi. 2020-21 yilgi mavsum o'rtasida Alli haqida portugaliyalik tanqidiy chiqish qiladi. Mourino uni jamoa uchun etarlicha jon kuydirmaslikda ayblaydi.
Yarim himoya: Genrix Mxitaryan
Mxitaryan "MYu" kelganida, kelajagi porloq futbolchi sifatida ko'riladi. Joze esa hammasini pachava qilgan. 2016 yilda kelgach, Mourino yangi futbolchisini tanqid qilishga tushadi. Hatto u futbolchiga qarata "sen sababli matbuotda tanqidlarga uchrayapman" degan. Shunday bo'lsada, hozir ular "Roma"da birga ishlamoqda.
O'ng qanot hujum: Eden Azar
2014 yilning may oyida "Chelsi" EChLda "Atletiko" tomonidan mag'lub etiladi. Shunda Mourino Azar haqida shunday degandi: "Azar jamoaga o'zini qurbon qiladigan futbolchilar toifasiga kirmaydi". Oradan ikki yil o'tib, "Chelsi" Antonio Konte bilan chempionlik sari qadam tashlaydi. Bu Mourinodan keyin hammasi o'zgarganini anglatardi.
Chap qanot hujum: Jo Koul
Mourino "Chelsi"da Koulni hammaning oldida izza qiladi. U futbolchini shunday tanqid qilgandi: "Koul gol urganidan keyin, harakat qilmay qo'yadi. Menga himoyalanishim uchun 11 ta futbolchi kerak. Ammo Koul gol ursa, menda 10 tasi qoladi xolos".
Hujumchi: Antoni Marsyal
2018 yilning yozida Marsyal hayotida katta o'zgarishlar bo'ladi. U ota bo'lishi kerak edi. Shu sababli "MYu"ning AQShdagi mavsumoldi bahslarida ishtirok eta olmay, Evropaga qaytadi. Bu esa Mourinoga yoqmaydi. Shu sabab u hujumchidan xafa ekanini bildiradi. Boz ustiga, mavsum davomida bu "dilxiralik" Mourinoni tark etmay, Marsyalni zaxirada qoldiradi.
ISMATOV J.
3-Iyul 2023,10:10