Biz La Liganing kutilmagan etakchisi haqida so'z yuritamiz.
Mishel va «Jirona»: katta istiqbolga ega ittifoq tarix yaratishda davom etmoqda. 13 ta o'yindan so'ng kataloniyaliklar La Ligada yakka peshqadam bo'lib turibdi. «Oq-qizillar» hech bo'lmaganda xalqaro tanaffus oxirigacha birinchi o'rinda qolishadi. Hozircha ular yo'qotgan ochkolari Chempionlar ligasining ikki jamoasi “Real Madrid” va “Real Sosedad”ga qarshi o'yinlarda bo'lgan.
Ushbu muvaffaqiyatning me'mori - Migel Anxel Sanches Munosdir. Mishel nomi bilan mashhur, madridlik 47 yoshli murabbiy ajoyib hujumkor futboli bilan jamoasi e'tiborini tortadi. "Rayo Valekano"ga qarshi o'yin uning "Jirona" safidagi La Ligadagi 51-o'yini bo'ldi. Hozir uning hisobida 24 g'alaba, 11 durang va 16 mag'lubiyat bor. Uning La Ligadagi g'alaba foizi (46%) klub tarixidagi eng yaxshi ko'rsatkichdir.
Mishel bu muvaffaqiyatni oddiy deb hisoblamaydi va har kungi mashaqqatli mehnat orqali natijalarga erishish mumkinligini doimo takrorlaydi. U avvalroq "Rayo Valekano" va "Ueska"ni ispan futbolining yuqori ligasiga olib chiqqan. Ammo bu jamoalarning har ikkisi ham keyingi mavsumda quyi ligaga tushib ketgan va har bir omadsiz kampaniyada mutaxassis ishdan bo'shatilgan.
Biroq, "Jirona" boshqa voqelik. Mutaxassis ilk mavsumidayoq klubni elitaga olib chiqdi. Kataloniyaliklar Segundada oltinchi o'rinni egallashdi, ammo 2021/22 yilgi pley-off bosqichidan muvaffaqiyatli o'tishdi. O'tgan mavsumda ular La Ligada 10-o'rinni egallashdi. Joriy kampaniyada "oq-qizillar" shu qadar yuqoriga ko'tarilmoqdaki, Evropa musobaqalariga yo'llanma olish haqida o'ylamasdan iloji yo'q. 2021/22 yilgi mavsumda "Jirona" 12 o'yindan so'ng Segundada 19-o'rinda edi. Bugun La Liganing 2023/24 yilgi mavsumining 13-turidan so'ng kataloniyaliklar yuqori divizion turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.
"Qizil-oqlar" hech qachon La Ligada ketma-ket uch mavsum o'ynamagan. Mishel buni tushunadi, shuning uchun u faqat Evropa musobaqalariga saralash haqida o'ylaydi. "Maqsad - tezroq jamoaning elit diviziondagi mustahkam o'rnini qo'lga kiritish", - dedi murabbiy matbuot anjumanlaridan birida – "Umid qilamanki, biz doimiy ravishda jadvalda birinchi o'rinda bo'lamiz, ammo ochko olish juda qiyin. Jamoa har kuni ishlashi muvaffaqiyat keltirishini tushunishini istayman".
"Jirona"ning mavsumni ajoyib boshlashi ularning himoyadagi mustahkam o'yinlaridan ko'ra hujumkorlikka bog'liq. Kataloniyaliklar "Atletiko" bilan birga La Ligada eng ko'p gol urishgan (25). Yaratilgan golli vaziyatlar bo'yicha ham ular ligada ikkinchi o'rinni egallab turibdi (34). Mishelning o'zi ham butun futbolchilik faoliyati davomida sermahsul to'purar bo'lganini, bu vaqtni asosan “Rayo Valekano”da o'tkazganini va u klub tarixidagi eng yaxshi to'purarlardan biriga aylanganini inobatga olsak, uning jamoasi hujumda juda yorqin o'ynashi ajab emas.
Himoyada “oq-qizillar” unchalik yaxshi harakat qilmayapti. Bu mavsumda ular har bir o'yinda o'rtacha birdan ortiq gol o'tkazib yuborishmoqda. "Jirona"da yaxshilanish uchun imkoniyat bor va birinchi navbatda ularning himoyadagi ko'rsatkichlari yaxshi bo'lishi kerak. Hujum salohiyatiga kelsak, murabbiyning fikricha, bu jamoada etarli. "O'yinning hujum bosqichi meni xavotirga solayotgani yo'q, chunki biz har qanday raqibga muammo yarata olamiz, buning uchun bizda juda ko'p resurslar bor", - dedi mutaxassis matbuot anjumanlaridan birida.
Mishel o'z jamoasidagi hujum resurslari xilma-xilligini ta'kidlagani to'g'ri. Kataloniyaliklar La Ligada allaqachon 7 ta gol urgan va "oq-qizillar"ning eng yaxshi to'purari bo'lgan Artyom Dovbikning transferi orqali katta yutuqqa erishdi deyish mumkin. Biroq “Jirona”ning muvaffaqiyati faqat bir futbolchiga bog'liq emas. Savio, Aleks Garsiya, Deyli Blind, Yangel Errera va Viktor Tsigankov bir xil darajada muhim o'yinchilar va bu butun ro'yxat emas. "Jirona"ning o'ziga xos uslubi bo'lsa-da, ularda faqat bitta o'yin shakli mavjud emas.
Kataloniyaliklarning o'z saflarida nomdor futbolchilar bo'lmasligi mumkin, ammo ular maydonning barcha sohalarida texnik jihatdan rivojlangan futbolchilarga tayanadilar. Qolaversa, ularning ko'pchiligi turli pozitsiyalarda o'ynashi mumkin - masalan, qanot himoyachilari bemalol vingerga aylanishadi. Ispaniyada o'ng qanotda Yan Couto va Arnau Martinesdan yaxshiroq tandem bo'lmasa kerak. Tsigankov va Savio bilan bir qatorda Dovbik ham "Jirona" hujumining muhim elementi hisoblanadi. U tajovuzkor, jismonan kuchli, texnik mahoratga ega va darvoza tomon orqa bilan yaxshi o'ynaydi. Raqiblari uchun uni to'xtatish juda qiyin. U soxta to'qqizlik bo'lishi mumkin, bu esa raqib darvozasi oldida qo'shimcha xavf tug'diradi.
Mishelning ixtiyoridagi xilma-xillik va turli xil variantlarni hisobga olsak, kataloniyaliklarning hujumkor o'yini allaqachon muvaffaqiyatli bo'lgan va bundan keyin ham shunday bo'lishi mumkinligi ajablanarli emas. “Oq-qizillar” haqiqiy jamoadek ishlaydi va bu murabbiyning xizmatlariga kiradi. Shu bilan birga, "Jirona" Oriol Romeu, Tati Kastelyanos va Rodrigo Rikelme kabi asosiy tarkibdagi bir qancha muhim o'yinchilarni yo'qotdi, ammo Enrike Karsel boshchiligidagi klubning sport bo'limi transfer bozorida yaxshi ish qildi.
Mishelning kataloniyaliklar bilan shartnomasi 2026 yilga qadar tuzilgani bejiz emas. Uning bu erda qiladigan ishlari ko'p. Klub vakillari va murabbiylar shtabi kamtarlik bilan elitadagi o'rinni qo'lga kiritish eng ustuvor vazifa bo'lib qolayotganini ta'kidlamoqda. Muxlislar Evropa arenasiga chiqishni orzu qiladi va bunga ular to'liq haqli.
13-Noyabr 2023,22:00