
«Manchester Yunayted» va «Chelsi» klublari «Barselona» yarim himoyachisi Mark Kasadoga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma'lum qilishicha, «qizil iblislar» vakillari yaqinda 22 yoshli futbolchi bo'yicha muzokaralarga kirishgan. «Ko'klar» esa o'z navbatida o'yinchi atrofidagi vaziyatni kuzatib borishmoqda, biroq transfer amalga oshgan taqdirda unga asosiy tarkibdan doimiy joy kafolatlay olmaydilar.
Qayd etilishicha, ayni paytda APL klublarining hech biri rasmiy taklif bilan chiqmagan. Bu borada ispaniyalik futbolchini sotib olish uchun asosiy favorit sifatida hamon «Monako» ko'rilmoqda. Kasado shu yozda «ko'k-anorranglilar» safini tark etishi taxmin qilinmoqda, chunki klub yangi xaridlar uchun qaydnomadan joy bo'shatish niyatida.
Futbolchi 2024 yilning iyul oyidan buyon Kataloniya klubining asosiy tarkibida to'p surib kelmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2028 yilning 30 iyuniga qadar mo'ljallangan. Yakunlangan mavsumda Kasado 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali ma'lumotlariga ko'ra, futbolchining taxminiy bahosi 18 million evroni tashkil etadi.
O'qildi: 59101 - Fikirlar: 0
570