[b]«Barselona» klubi futbolchilari Ispaniya chempionatining 26-turidan o‘rin olgan «Real»ga (0:2) qarshi bahsda jamoa bosh murabbiyi Kike Setenning yordamchisi Eder Sarabiyaning xulqidan norozi bo‘lishdi, deb yozadi El Partidazo nashri. Ta’kidlanishicha, Sarabiya o‘yin davomida «ko‘k-anorranglilar» hujumchisi Antuan Grizmann va boshqa bir qator futbolchilarning harakatlaridan noroziligini bildirib, ularga baqirgan. «Barsa» o‘yinchilarining fikricha, murabbiylar shtabi vakili o‘zini bunday tutmasligi kerak. Ma’lumot uchun, kataloniyaliklar La Liganing 26-turidan so‘ng 55 ochko jamg‘argan holda 2-pog‘onada borishmoqda. «Barselona» keyingi turda o‘z uyida «Real Sosedad»ni qabul qiladi. Bellashuv 7 mart, shanba kuni bo‘lib o‘tadi.[/b]