«Barselona» himoyachisi Nelson Semedu La liganing qarori bilan jamoa mashg'ulotida ishtirok etmadi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar tarqatdi. Avvalroq portugaliyalik futbolchi tug'ilgan kunga tashrif buyurgani hamda u erda tibbiy niqob taqmagan va boshqa insonlar bilan ijtimoiy masofani saqlamagani haqida ma'lumot tarqatilgan edi. Bu orqali u La Liga protokolini buzdi.Shuning uchun Semedu bugun individual tarzda shug'ullandi. U kun oxiriga qadar koronavirusga test topshiradi. Test natijasidan kelib chiqib, uning keyingi mashg'ulotda ishtirok etishi yoki etmasligi haqida qaror qabul qilinadi. «Barselona»ni 13 iyun kuni La liganing 28-turi doirasida «Malorka»ga qarshi o'yin kutib turibdi.