«Barselona» rahbarlari — jamoa prezidenti Jozep Mariya Bartomeu, bosh direktor Oskar Grau, sport ishlari bo'yicha vitse-prezident Erik Abidal klub bosh murabbiyi kecha Kike Setenning uyiga tashrif buyurishgani haqida ma'lumot berib o'tgandik. AS tarqatgan xabarga ko'ra, jamoa rahbariyati murabbiyni iste'foga chiqarmoqchi emas. Seten esa Lionel Messi bilan yuzaga kelgan mojaro yuzasidan fikr bildirdi."Meni alohida epizodlar qiziqtirmaydi. O'yinchilar bilan munosabatlarimiz a'lo darajada. Ha, ba'zida fikrlarimiz bir joydan chiqmaydi. Ammo hech qanday muammo yo'q. Bizni "Atletiko"ga qarshi o'yin kutib turibdi. Bor e'tiborimizni ushbu bahsga qaratib, g'alaba qozonmoqchimiz", — dedi Seten.