Bu safargi «El-klasiko» La Liga obro'siga xizmat qilmagani aniq.
Zero, 3:2 hisobida yakunlangan uchrashuvning 28-daqiqasida «Barselona» vingeri Lamin Yamal burchakdan uzatilgan to'pni darvozaga burib yuborgach, bahsli vaziyat yuzaga keldi. Ya'ni to'p darvoza chizig'ini qisman kesib o'tgach, «Real» darvozaboni Andrey Lunin uni qaytarib yubordi. La Ligadek chempionatda golni aniqlash tizimi yo'qligidan bosh hakami Soto Grado VAR xulosasiga tayanib, gol yo'qligini qayd etdi.
VAR tizimining bahsli qarorlarini o'rganib chiqishga ixtisoslashgan Archivo VAR xulosasiga ko'ra, hakamlar o'sha vaziyatda «Barselona» va Lamin Yamalni toza goldan musuvo qilishgan. Hatto to'p chiziqdan 100 foiz o'tgani grafada ko'rsatib berildi. Aytish o'rinli, La Liga prezidenti Xaver Tebas o'tgan yilning may oyida chempionatda golni avtomatik tarzda qayd etadigan tizimni joriy etishni ma'qullamagan ekan. Chunonchi, bu tizim xizmati yiliga 3 mln. evro chiqim qilishni talab etgan.
Ertasiga Marca nashri o'sha vaziyatda bosh hakam va VAR tizimida ishlagan Xose Mariya Sanches Martines o'rtasidagi dialogni e'lon qildi. Unga qarasak, hakamlar jamoasi qaror chiqarishda ancha qiynalgan, rosa ikkilangan. Mana, dialogning qisqacha mazmuni:
VAR: - To'xta, tekshiryapmiz, biroz shoshma, o'yinni boshlamay tur...
Soto Grado: - Kutyapmiz. Golni aniqlash tizimi yo'q. To'p chiziqdan o'tgan bo'lishi mumkin. Tekshirilyapti.
VAR: - To'p Lunin qo'liga tekkan vaziyatda to'xtat. Kut, har tarafdan ko'rib chiqyapmiz, chunki kerakli rakurs yo'q.
Soto Grado: - Kutyapmiz.
VAR: - Kadr Lunin tanasi ko'rish imkonini bermayapti. To'xta, shoshma. Dalil izlayapmiz. 360 gradus. Bu to'g'ri kelmaydi, bunisi ham...
Soto Grado: - Shoshmaymiz. Bu juda muhim qaror, sizlar ham shoshilmang. Barcha kameralar bo'yicha tekshiring.
VAR: - Boshqa kadr yo'q.
Soto Grado: - Shoshmaymiz, kutgan ma'qul. Kutamiz.
VAR: - O'yinni burchak zarbasi bilan davom ettiramiz, to'p chiziqni to'liq kesib o'tgani borasida isbot yo'q. To'p kirganini ko'rsatuvchi kadr yo'q. Burchak to'pi...
29-Aprel 2024,07:40