Yaqin o'tmishning eng yaxshi yarim himoyachilaridan biri Sesk Fabregas yaqinda Tot Costa dasturi (Catalunya Radio kanali) mehmoni bo'ldi.
Ispaniyalik mutaxassis suhbat jarayonida Xavining «Barselona»dagi ishi yuzasidan gapirdi. Tabiiyki, Sesk «Komo» murabbiyi rolida to'playotgan tajribasiga ham alohida to'xtaldi. Aytish joiz, Italiyaning ushbu kamtarin klubi yakunlangan mavsum «V» seriyada katta muvaffaqiyatga erishdi va hozir uzoq tanaffusdan keyin elit divizionda o'ynashga hozirlik ko'rmoqda.
- Sesk, Xavining «Barselona» bosh murabbiyi rolidagi davri yakunlandi. Uning ishiga qanday baho berish mumkin?
- Shundoq sezilib turdi, Xavi «Barselona»da yosh yigitlar bilan klubni yaqqol taraqqiyot sari etakladi. To'g'risi, grand klubda yoshlarga bu qadar keng yo'l ochish, ularni qo'rqmasdan maydonga tushirish uchun murabbiy etarli darajada xarakterga ega bo'lishi kerak. Oddiy aytganda, Xavi qisqa vaqtda jasorat ko'rsatdi. Oldinroq Kuman ham xuddi shunday yo'l tutgandi. Aytish mumkinki, «Barselona» shu ikki mutaxassis tufayli kelajak uchun juda zarur yosh iste'dodlar guruhiga ega bo'ldi. Ko'p hollarda katta klublarda murabbiyning yosh iqtidorlarni natija yo'lida qurbon qilishiga to'g'ri keladi. Chunki yosh yigitlar bilan birdaniga sovrin yutish juda mushkul. Lekin unutmaslik kerak, chin iste'dodlar 3-4 yil ichida yulduz darajasiga etishlari va sovrinlar o'z-o'zidan kelishi mumkin. Shaxsan men kelajak uchun tikilgan sarmoya ertami-kech natija berishiga aslo shubhalanmayman. Ehtimol, Xavi «Barselona» boshqaruvidagi qisqa vaqtda qanday ishlarni amalga oshirgani keyinroq yaqqol ko'rinar hali...
- Sizningcha, Xavi «Barselona»ga ertaroq kelmaganmidi?
- Yo'q, futbol nimanidir yoki kimnidir kutib o'tirmaydi. Ba'zilar Xavi «Barselona» darajasidagi klubni boshqarish uchun etarli malakaga ega bo'lmay turib, ish boshlaganini aytishlari mumkin. Lekin bunday qarash hamisha nisbiy hisoblanadi. Zero, muayyan murabbiyning ayniqsa, katta klubda qanday ishlashi avvalo, tarkib darajasi va umumiy holatga bog'liq. Bunga Xosep Gvardiola va Zayniddin Zidanni misol sifatida ko'rsatish mumkin. Deylik, Pep «Barselona» boshqaruvini qo'lga olgan payt klub 2 yildan buyon hech narsa yutolmayotgandi (aslida bu davrda Ispaniya superkubogini qo'lga kiritgan). Lekin jamoa tarkibi chakki emasdi, qolaversa, murabbiy bir necha muhim transferlarni amalga oshirdi. Xususan, Jerar Pike, Dani Alvesh va Seydu Keyta «Barsa» safini to'ldirishdi. Pep shu tariqa barchani jamoa istiqboliga ishontirdi. Keyin nimalar bo'lganini hamma biladi. Demoqchimanki, murabbiy to'g'ri kalitni tanlasa, bas. Hech kim katta klubni boshqarishga qachon tayyor bo'lishini aytolmaydi. Hammasini amalda sinab ko'rish kerak, tamom. Yana bir oddiy misol: butsalarimni endi mixga ilganimda, kimdir mendan «Komo»ni boshqarish va klubni «A» seriyaga olib chiqishga tayyormisiz?» qabilida so'raganida, uni shunchaki, aqldan ozgan kishiga chiqarardim. Amalda esa xuddi shunday bo'ldi, ya'ni salohiyatimga amaliy tajriba asnosida ishonch hosil qildim. Taklif tushgach, avvalo, Mikel Arteta bilan gaplashdim, u esa murabbiylik sifatlariga ega ekanligim, klub muammolarini hal etish uchun aqlim etishini ta'kidladi. Arteta shuningdek, agar klubda muhit yaxshi bo'lsa, tezda muvaffaqiyat qozonishimga ishonch bildirdi. Jumladan, jamoada o'yin masalalarini faqat murabbiylar shtabi hal etishi kerakligini hisobga olishimni uqtirdi. Shu tariqa yigitlarni o'z g'oyalarimga ishontirishim, shaxsiy futbol falsafamni to'g'ri etkazishim zarurlini tushundim. Yana bir muhim jihat bor: jamoada bosh murabbiy o'zini o'rab turadigan yordamchi mutaxassislarni to'g'ri tanlashi lozim. Yo'q, assistentlar har bir fikringizni ma'qullashlari shart emas, ular qaysidir masalada o'z g'oyalarini ilgari surishlari, saviya bobida hatto sizdan ham oshib ketishlari kerak. Shunda shtab hamfikr ishlash borasida rivojlanadi, kutilgan o'sish kuzatiladi. Kelajakda ham jamoani boshqarishga aralashadigan, qandaydir muammo tug'diradigan odamlar bilan ishlashni xohlamayman. Bu borada hamisha o'zimga savol beraman: «Sesk, to'g'ri muhitga tushdingmi?» Shu asnoda qalbimga quloq solib, yakuniy to'xtamga kelaman. Umuman, jamoada hamma o'ziga yarasha vakolatga ega bo'lishi juda muhim.
- Zamonaviy futbolda jis-moniy tayyorgarlik roli oshib ketganini ko'p ta'kidlashmoqda. Bu borada nima deya olasiz?
- Hozirgi kunda yaxshi o'ynashning o'zi etarli emas, albatta. Xususan, jismoniy tayyorgarlik ustida alohida shug'ullanish talab etiladi. Misol uchun, Italiyada ko'plab jamoalar tajovuzkor o'yinga moyil. Yakkama-yakka kurashlarda raqiblarning kuchli bosimiga bardosh berish uchun esa tarkibda jismonan baquvvat ijrochilarga ega bo'lishingiz shart. Xullas, hozirda jismoniy tayyorgarlikka e'tiborsiz qarash aslo yaramaydi. Aks holda, jangga kirishmasdanoq engilasiz, tamom. Mana, Gvardiola «Manchester Siti»da Kayl Uoker, Manuel Akanji, Ruben Diash va Yoshko Gvardioldan iborat 4 nafar markaziy himoyachi bilan qanday qo'rg'on yasaganini bir ko'ring. Pep ahmoq emas, u futbol aynan qaysi yo'ldan ketayotganini yaxshi biladi. Gvardiola shuning barobarida baquvvat yigitlar ansamblini texnik salohiyati baland ixchamroq futbolchilar bilan to'ldirdi - Bernardu Silva, Jeremi Doku, Xulian Alvares, Fil Foden... Oldinda esa Erling Xolanddek yirtqich bor.
- Xo'sh, «Komo»ning yangi mavsum uchun maqsad va vazifalari qanday?
- «A» seriyada nimaga intilishimiz kerakligini aniq bilamiz. Maqsad ro'yobi uchun esa hammasini to'g'ri yo'lga qo'yib, vazifalarni sifatli bajarishimiz kerak. Barqarorlik - eng real maqsad. O'yin darajasi ham juda muhim, albatta. Hozirda «Qomo» qanday o'ynashini xohlayotganim borasida juda aniq tasavvurga egaman. Bundan nima chiqishini esa mavsum davomida ko'ramiz.
MUHAMMADXON tayyorladi
13-Iyul 2024,12:50
O'qildi: 57 - Fikirlar: 0