Polshada yangi mojaro ko'tarildi - «Barselona» hujumchisi Robert Levandovski universitet diplomlarini sotib olganlikda ayblanmoqda.
Barbara Mrozinska - sotsiologiya fanlari doktori, shuningdek, Lodzda joylashgan xususiy universitetning sobiq o'qituvchisi. Shu xonim oradan 6 yil o'tib, Robert Levandovskiga bog'liq korruptsion ish haqida butun dunyoga jar solmoqda...
Barbara Mrozinskaning aytishicha, Polshaning birinchi raqamli sportchisi bo'lib turgan Robert Levandovski xususiy universitetdan pedagogika yo'nalishi bo'yicha 2ta diplom sotib olgan. Uning ta'kidlashicha, futbolchi hech qachon imtihon topshirmagan, ammo rasmiy hujjatlarda unga baho qo'yilgan. Aslida bu ish muhokamasi boshlanganiga 5 yil bo'libdi. Bu vaqtda Levandovskining advokatlari yashiradigan hech nima yo'qligini ta'kidlashmoqda. Aytishlaricha, Levagol rafiqasi Anna Levandovska qistovi bilan oliy ma'lumot olish uchun hujjat topshirgan. Futbolchining o'zi bu haqda hech qachon gapirmagan. Mrozinska gumoniga ko'ra, u shunchaki, haqiqat yuzaga sizib chiqishidan xavfsiragan.
Hujjatlarga asosan, Robert Levandovski 2018 yili Lodz xususiy universiteti magistratura bosqichiga qabul qilingan. U bunga qadar shu dargohda bakalavr darajasini olgan. Diplomlar sotuvi bo'yicha asosiy gumonlanuvchi ham bor - ikki xususiy universitetga aloqador olim (birida rektor bo'lgan, ikkinchisida ma'ruzalar o'qigan). Ma'lum bo'lishicha, u va Levandovskining rafiqasi o'rtasidagi yozishmalar bor. «Levandovski Lodz xususiy universiteti diplomini sotib olgan. Buni javobgarlikni to'liq anglagan holda yozyapman, chunki futbolchi mening nazoratimdagi 2ta imtihondan «o'tgan». Ushbu jirkanch ish bo'yicha guvoh sifatida sud majlisida ham qatnashdim», — deb yozdi Mrozinska «Tvitter» tarmog'ida.
Munosabat
- Anna Levandovska 2007 yili Varshavada o'qishni boshlagan, biroq uzoq vaqt uni tugatolmagan erining oliy ma'lumotga ega bo'lishi, kelajakda murabbiylik maktabiga kirishini xohlagan. Shu tariqa Robert Lodzda 2ta diplom olgan, ammo yolg'onning umri qisqa bo'lishini tushunib, hech qachon bu hujjatlari bilan maqtanmagan. Axir Varshavada 13 yil o'qigan holda, Lodzda 2ta diplom olgani ma'lum bo'lsa, hammada shubha uyg'onardi (Onet).
22-Iyul 2024,14:30
O'qildi: 56 - Fikirlar: 0