Kecha “Tvitter”da, Messi “Inter”ga o'tmasa ham mayli, “Barselona”da qolaversin, deb yozgan edim. Messi “Inter”ga o'taman debdi-yu, sen o'zingcha noz qildingizmi, deyishga shoshilmay turing. Tan olaman, o'zim ham shu gapni sal tushunarsizroq yozibman. Quyida tushuntirishga harakat qilib ko'raman.Gapning avvalida aytib qo'yay, 2020 yil yoziga kelib “Inter” dunyoning eng kuchli futbolchisiga da'vogarlik qiladigan darajaga etgani, klub muxlisi sifatida, albatta, meni xursand qiladi. Bundan 2-3 yil avval klub bosh yulduzi Mauro Ikardi edi. Messi tugul bugun “Inter”da to'p surayotgan Lukaku, Eriksen yoki Sanches kabi futbolchilarning kelishiga ishonish ham qiyinroq masala edi.Messi “Inter”ga kelmasayam mayli, deyishimning yagona sababi – klubning hozirgi bosh murabbiyi Antonio Konte. U tarkibga qarab moslashadigan emas, o'zining g'oya va sxemalariga mos tarkib talab qiladigan murabbiy hisoblanadi. “Kontening sxemalariga Messi mos tushadimi?”, “Konte Messiga maydondan joy topib bera oladimi?”, “Messi Konte aytgan “qora ishlar”ni qilishga ko'nadimi, ko'nsa eplay oladimi?” kabi boshimda aylanayotgan savollarning aksariyatining javobi salbiy bo'ladigandek tuyulyapti. Qolaversa, Konte xarakteri og'ir murabbiy va “Barselona” degan olamning markazi bo'lib o'rganib qolgan Messining erkalik va injiqliklarini ko'taradimi, yo'qmi, bu ham mavhum.Aytmoqchimanki, “Inter” Messi uchun poygaga faqat bosh murabbiy roziligi bilan qo'shilishi kerak. Messining transferi, shunchaki, marketing uchun yoki “Suning Group” rahbarlarining, ko'rib qo'yinglar, kerak bo'lsa Messini olib kelishga qodirmiz, deyishi uchun bo'lmasligi kerak.
16-Avgust 2020,12:00
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0