Seten ketdi. U qaerga boradi? U bilan kim qiziqardi, to'g'rimi? Aslida, Kike jahon futbolidagi noyob insonlardan biri ekanini futbolning ichida yurgan daqiq insonlar yaxshi bilishadi. Shoirlarga amal berilsa, ijodi o'ladi, deyishadi. Men Seten, Sarri va Belsa kabi “futbol jinnilari”ni, futboldan boshqa narsani bilmay telbalarcha ishiga sho'ng'iydigan noyob murabbiylarni top-klublar ko'p holda buzib qo'yishiga o'xshataman. Ha, ba'zilari ishlab ketadi. Inovator murabbiylarning ba'zilari ishlab ketganini ko'rganmiz. Ishlab ketganlarining aksari VAQTIDA kelganlari. Gvardiola - yorqin misol. Seten va Sarri birinchidan vaqtida kelmadi, ikkinchidan, ularga o'z ixtiyorida ishlashga imkon bermaydigan klublarga kelishdi. Ikkita to'siqni engib o'tishga ular dosh bera olishmadi. Chunki bu o'rinda uchinchi masala ko'ndalang bo'lib chiqib keldi – hali bunaqa katta joylarda ishlashmagani...Ular ham inson, nafsi bor, bir orzu qilib qo'yishadi va orzulari qaratilgan katta shaharga labbay deb kelishadi. Aslida ular kelayotgan “katta oxur” butkul boshqa talabni qo'yishini, natija deb atalmish qo'rqinchli buyruq asosida ishlashlarini bilishadi, lekin orzu orzu ekan-da, deb kevorishadi. Va... birinchi aybdorga aylanadilar.Top-klublardan Maur, Anchelotti va Zidan kabi keyinchalik o'z ishlarini topib oladigan natijaga ixtisoslashgan va shaxsiyati katta insonlar ishdan ketishsa, uncha achinmayman. Ammo mana bunaqa – futbolning yashil maydondagi qismi bilan yashaydigan, uyog'ini bilmaydigan ham, bilishni istamaydigan “botanik” murabbiylar iste'foga chiqarilsa, jahlim chiqadi. Chunki ularni aybdor qilishdan osoni yo'q dunyoda. O'zlari ham aybdorman deb o'ylayverishadi. Endi Setenga ishonisharmikan? “Betis”da amalga oshirgan ishi haqiqiy, sof futbolning go'zalligi bo'lganini esga olisharmikan yo 2:8ning sababchisi sifatida ko'risharmikan? Ko'ramiz, futbol qaysi tomonga qarab ketyapti: Kike tanaffusdan so'ng bo'lsa ham Belsa kabi qayta olsa va nimanidir isbotlashga tushsa (isbotlashi aniq!), hali yashil maydonda his-tuyg'ular yashayapti, deb hisoblayman. Aks holda, kechirasizlar...Xayrulla Hamidov
18-Avgust 2020,15:40
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0