La Liga navbatdagi turida sensatsiya qayd etildi.
“Levante” maydoniga safar uyushtirgan “Barselona” jamoasi kutilmaganda 1:3 hisobida mag'lubiyatga uchradi.
Ta'kidlash kerakki, “Levante” o'yinni juda yaxshi boshladi. Garchi “Barselona” to'p bilan muomala qilish borasida ustunlikka erishgan bo'lsa-da, mezbonlar xavfliroq harakat qilishdi, hujumlar uyushtirishdi. Biroq hisobni ochish Messiga nasib etgan ekan. Nelson Semedu yiqitilgach, bosh hakam 11 metrlik jarima zarbasini belgiladi. Ayrimlar “Messi ushbu penaltini golga aylantira olarmikin?” deya o'ylagan bir pallada argentinalik futbolchi darvozabonga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Lekin hammasi ana shundan keyin boshlandi.
Messi hisobni ochganidan keyin “Bo'ldi, “Barselona” zafar quchadi”, deya o'ylab, Kataloniya klubining g'alabasiga ishonib qolganimiz rost. Biz-ku mayli, Ernesto Valverde va “Barselona” futbolchilarining o'zi ham g'alabaga ishonib qolishgan ko'rinadi. Boisi, ikkinchi bo'limda “Levante”ning o'yini kuchayishi bilan bir qatorda “Barselona”ning shashti pasayib bordi. Ikkinchi bo'limning dahshatli 7 daqiqasi esa masalaga uzil-kesil nuqta qo'ydi. Dastlab Pikening xatosi natijasida “Levante” futbolchisi hisobni tenglashtirdi. Keyin esa Borxa Mayoral fantastik zarba bilan jamoasining ikkinchi golini kiritdi. “Barselona” futbolchisiga to'p tegishi natijasida yuzaga kelgan uchinchi gol esa yakunda mezbonlarning g'alabasini ta'minlab berdi.
"Levante" – "Barselona" 3:1
"Syudad de Valensiya"
Gollar: 0:1 – 38, penalti Messi, 1:1 – 61 Kampanya, 2:1 – 63 Mayoral, 3:1 – 68 Radoya.
"Levante": Fernandes, Vezu, Klerk, Postigo, Miramon, Bardi (Rochina, 62), Melero, Radoya, Kampanya (Kabako, 87), Mayoral, Morales (Vukchevich, 82).
"Barselona": ter Stegen, Langle, Semedu, Serdji Roberto, Pike, de Yong, Artur (Fati, 66), Vidal (Buskets, 64), Suares (Karles Peres, 41), Grizmann, Messi.
Ogohlantirishlar: Artur (12), Bardi (52), Grizmann (56), Pike (66), Langle (67), Serdji Roberto (81), Fati (86).
2-Noyabr 2019,22:30