Bugungi mag'lubiyat “Barselona” uchun ancha alamli bo'ldi. Yaqin yillar ichida Kataloniya klubi hech bir mavsumni bunchalik omadsiz boshlamagandi. Tabiiyki, ushbu mag'lubiyatlar har qanday vaziyatda ham bosh murabbiyga borib taqaladi. Futbolchilarning o'yini o'xshamaganiga ham, ruhiy tushkunlikka ham, noto'g'ri tarkib va taktikaga ham murabbiy javobgar.
“Levante”ga qarshi o'yinda “Barselona”ga xarakter etishmadi. Ruhiy barqarorlik etishmadi. Bu esa bosh murabbiyning aybi hisoblanadi. Chunki bosh murabbiy har qanday holatda ham futbolchilarning kamchiligini topib, ularga nimalar qilishlari lozimligini uqtirishi, muvozanatni saqlab turishi lozim. Ya'ni birinchi bo'limdagi g'alabadan keyin Valverde kiyinish xonasiga kirib, “G'alabaga ishonib qolmang. Birinchi bo'limda mana bunday, mana bunday kamchiliklar bo'ldi, mana bularni to'g'rilang, raqib yanada kuchayadi ikkinchi bo'limda, yaxshiroq o'ynashimiz kerak endi”, deya futbolchilarni ruhlantirishi kerak edi. Aftidan, Valverde tanaffus vaqtida shogirdlari bilan etarlicha ishlamagan ko'rinadi.
“Levante” — La Ligada kutilmagan natijalar qayd etish bo'yicha etarlicha statistikaga ega. Menimcha, Valverde ushbu o'yindan oldin raqibni sinchiklab o'rganmagan. “Biz “Barselona”, u “Levante”, g'alaba qozonamiz”, deya ortiqcha xotirjamlikka ham berilgandir. Agar “Levante”ni yaxshiroq o'rganganida “Barselona” ikkinchi bo'limda bunchalik sust harakat qilmas edi. Messining penaltidan urgan goli va Grizmanning o'yindan tashqari holati tufayli hisobga olinmagan golni inobatga olmasak, “Barselona” tuzukroq xavfli vaziyatlarni yuzaga keltira olgani ham yo'q. Vaholanki, ilgari “Barsa” “Levante”dek klublarga qarshi o'yinlarda hujumlar yomg'irini yog'dirardi.
Aftidan, chindan ham Valverde ketishi kerak. Ernestoning zaxirasidagi g'oyalari ham tugadi. Ayni damdagi “Barselona” murabbiyning g'oyasi bilan emas, etakchi futbolchilarning tashabbusi bilan o'ynayotgan klubga o'xshayapti. Aytmoqchimanki, Valverde klubga tuzukroq g'oya, tuzukroq taktikani singdira olayotgani yo'q. Bunday holatda esa bitta yo'l bor — vaqtni yo'qotmasdan bosh murabbiyni almashtirish.
Oldin ham aytgandim, hozir ham takrorlayman, Valverde “Sevilya” bilan La Ligada kuchli to'rtlikka kirishga intilgan, EChL yoki Evropa Ligasida uzoqroqqa borishni niyat qilib yurgan murabbiy. Bu uning eng yuqori natijasi, cho'qqisi. Uning miyasi ana shu maqsadga olib boradigan taktikalar bilan to'lib qolgan, bu taktika esa “Barselona”ning maqsadlari uchun etarli emas. Valverde esa miyasini tozalab yangicha kuchli taktikalar o'ylab topishga ojizlik qilyapti. “Barselona”ning g'alabalari esa aqlli taktika tufayli emas, futbolchilarning individual mahoratlari yoki bosh murabbiyga bevosita bog'liq bo'lmagan boshqa omillar tufayli yuzaga kelmoqda.
Valverdening eng katta kamchiligi — futbolchilarning ishonchini qozona olmagani. Ayni damda “Barselona” futbolchilarining Valverde bilan o'z maqsadlariga erisha olishlariga ishonishmayotgani bor gap (garchi xorij OAVda boshqacha intervyu berishsa-da). Ishonchsizlik esa o'z navbatida etarlicha hurmat qilmaslikni, bo'yin egmaslikni keltirib chiqaradi. Axir o'zingiz ishonmaydigan, sizga foyda keltira olishiga, sizning orzularingizni amalga oshirishga ko'maklasha olishiga ishonolmaydigan insoningizga bosh egmaysiz-ku... Hozir Messi va uning jamoadoshlari ana shu kayfiyatda. Mavsum oxirida ketishi haqida turli gap-so'zlar yangrayotgan Valverde esa “qovun tushirishdan” to'xtamayapti.
“Hamma ayb Valverdeda emas”, dersiz. Ammo eng katta ayb Valverdeda. G'oyalari ish bermayapti, o'yin barqaror emas, belgilab olgan asosiy tarkibi esa doim ham ishonchli o'ynamayapti, tarkib tanlashda ham adashmoqda, futbolchilar ko'rsatmalarini to'liq bajara olishmayapti, vaholanki, tarkibni uning o'zi tanlagan. “Levante”ga qarshi o'yindagi mag'lubiyatni omadsizlikka, tasodifga yo'ygan taqdirimizda ham “Barselona”ning o'yinida “Barselona”ga xos bo'lmagan kamchiliklar, oddiy xatoliklar, ruhiy tushkunlik kuzatildi. Aybdor kim? Janob Valverde.
Ernesto — “Barselona” yukini ko'tara olmayapti, bunday yukka o'rganmagan ongi ojizlik qilmoqda, kifti bukchaymoqda. Bosim kuchaygani sari esa ahvol yomonlashishi, natija battar salbiylashishi mumkin. Shu bois o'sha gap, Valverdega javob berib, boshqa murabbiyni olib kelgan ma'qul, nazarimizda.
Nizomjon ISLOMOV
2-Noyabr 2019,23:10
Juda togri gaplar yozilibti. Rostan ham barca hesh bolmasa hujumlar yomgirini qilib yutqaZsa ham mayli edi bizda sal bolsa ham ishonish bolardi lekin ucha hujumdan asar ham yoq birgena messiga ishonib qolgan qachon messi dribling qilarkin dep yuradi ahir qachon murabbiydan zor oyin koramiz
Javob
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0