Lionel Messining “Barselona” klubi rahbariyatiga yuborgan faksi nafaqat Evropada, balki Janubiy Amerikada ham katta shov-shuvga sabab bo'lmoqda. Ayniqsa, «Nyuells Old Boyz» klubi muxlislari Messini ortga chorlash uchun maxsus parad uyushtirishdi. Kichik parad, qisqa muddat ichida Rosario shahrini qamrab oldi. Qachonlardir Messi ilk bor to'p tepgan shahar ko'chalari muxlislar bilan to'lib toshgan.
Paradni uyushtirgan «Nyuells Old Boyz» jamoasining etakchi muxlisi Ralf Jeymi mahalliy nashrlar uchun muxlislarning namoyishi sababini ma'lum qildi.
“Bunday yig'lishimizning sababi mavjud. Biz Messi qachonlardir «Nyuells Old Boyz» sharafini himoya qilishiga ishonchimiz komil. Tashqaridan Messining jamoamizga o'tishi g'alati ko'rinishi mumkin, biroq Diego Armando Maradona ham 33 yoshida “Sevilya”dan bizning klubga o'tgan edi. Bizda Argentinaning bayroqdor futbolchilarini imkonsiz vaziyatda qo'lga kiritish borasida tajriba mavjud. Ayni damda, Messi ham 33 yoshda va u ham Maradona singari jamoamizga o'tishini mo'jiza deb bo'lmaydi. Maradona 1994-yildagi JCh oldidan Argentinaga qaytgan edi. Balki, Messi ham Diego singari hal qiluvchi zarbaga Argentinada tayyorgarlik ko'rar”.
«Nyuells Old Boyz» ham umidni uzmayapti
Ushbu parad mahalliy nashrlar tomonidan keng yoritilgani bois, klub vitse-prezidenti Kristian D'Amiko ham o'z fikrini ma'lum qilmoqda.
“Buning amalga oshishi qanchalar haqiqatga yaqin ekanligini bilmayman. Barchasi Leoning oila a'zolariga bog'liq. Maradonaning «Nyuells Old Boyz»ga o'tishiga ham hech kim ishonmagan edi. Umid qilamanki, Leo ham Maradona singari jamoamiz libosini kiyadi. Er sharidagi istalgan muxlis o'z jamoasida Messini ko'rishni istaydi. Bu ishni amalga oshirishda Argentina futbol etakchisi Klaudia Tapia bizga ko'mak beradi degan umiddaman. U Leoning qalin do'sti”.
Avvalroq, “Barselona” klubi sardori bir necha bor jonajon jamoasi sharafini himoya qilish niyatida ekanligini ma'lum qilgan edi. O'tgan mavsumda, «Nyuells Old Boyz» haqida berilgan savolga Messi ushbu klub safida to'p tepish orzusida ekanligini ma'lum qilgan edi. Bu mavsum startida esa, Messi birinchi navbatda oilasining tanlovini ustun qo'yishini tan oldi.
“Mening 3 ta farzandim bor. Ular Kataloniyada katta bo'lishdi. Shu sababli, ularni muammosiz katta bo'lishlari uchun barchasini yaxshilab o'ylab ko'rishim lozim. Ular katta bo'lgani sari, shaxsiy fikrlari bilan hisoblashishga majburman. Bilasizmi, agar qaergadir borsak, o'g'lim Tyagoni bu noqulay vaziyatga solib qo'yadi. Unga Argentinadagi hech narsa yoqmaydi. Har safar biz Rosarioga tashrif buyursak, u tezroq ortga qaytishni istaydi. Soddaroq qilib aytganda, oilam bilan Argentinada istiqomat qilish menga muammolar tug'diraveradi".
Eslatib o'tamiz, Leo 1995-2000-yillar oralig'ida «Nyuells Old Boyz» jamoasi maktabida tarbiyalangan. Statistikaga e'tibor qaratsak, uning tug'ma to'purar ekanligini ma'lum bo'ladi. 13 yoshida Kataloniya klubiga o'tgan futbolchi o'zining ilk uchrashuvidayoq pokerni o'z hisobiga yozib qo'yadi.
29-Avgust 2020,12:30
O'qildi: 49 - Fikirlar: 0