Bundan bir necha yil ilgari Samuel sayyoramizning eng iqtidorli himoyachilaridan biri edi. Uning kelajagi porloq ekanligiga hech kim shubha qilmas, «Barselona» ham aynan shu maqsad bilan uning transferini amalga oshirgan edi. Stadion.uz amaldagi JCh g'olibi tushib qolgan ahvol va uning navbatdagi klubi haqida fikr almashadi.
Yillar xuddi shamoldek uchmoqda. yaqindagina, ko'plab grand klublar e'tibor markazidan bo'lgan Umtiti deyarli keraksiz futbolchiga aylanmoqda. 2016 yilda frantsuz uchun kuchli beshlikdagi barcha grandlar kurash olib borgani rost, biroq «Lion» futbolchisini Kataloniyaliklar ilib ketishdi. Tan olish lozim, Umtiti Kataloniyaga to'liq shakllangan, etuk futbolchi sifatida tashrif buyurdi. Allaqachon terma jamoada o'zi uchun joy naqdlagan himoyachi uchun «Barselona» pul ayab o'tirmadi.
E'tiborlisi shundaki, qahramonimiz Kataloniyadagi sarguzashtlarini juda yorqin boshladi. Debyut mavsumda Umtiti 43 ta o'yinda maydonga tushgan bo'lsa, keyingi mavsumda 40 o'yinda ishtirok etdi. Ikki mavsumda ham bittadan gol kiritgan himoyachi bilan 2018 yilda «ko'k-anorrangilar» shartnomani uzaytirishga qaror qildi. Aynan o'sha, yili «Manchester Siti» Umtiti borasida bir necha bor «Barselona»ga rasmiy takliflar yubordi. Hatto 63 million funt ham taklif qildi, biroq «Barsa» barcha takliflarni rad etdi. Katta ehtimol bilan, klub bugun o'sha taklifni qabul qilmagani uchun afsusda bo'lsa kerak. Sababi, 2018 yildan boshlab Samuelni jarohatlar taqib qilishni boshladi.
«Barselona» juda ulkan klub. U o'zi ishtirok etgan barcha musobaqalarda g'olib chiqishni oldiga maqsad qilib qo'yadi. Katta maqsadlar sari intilayotgan jamoaning markaziy himoyachisi safdan chiqishi mumkin emas. To'xtovsiz bosim, zich taqvim, tinimsiz harakatda bo'lish, parvozlar sababli o'yin ritmini birdek ushlab qolish mushkul. Boz ustiga, og'ir jarohatdan so'ng yana safga qaytgan futbolchiga. «Barselona» esa, hech kimga ikki bor imkon bermaydigan jamoa. Umtiti o'z imkoniyatiga ega bo'ldi, biroq endi undan naf chiqishi dargumon. Shu sababli, «Barselona» endi undan qutilishga qaror qildi. Jamoa koronavirus sababli moliyaviy muammolarni hal etishga qaror qildi. Marca nashrining ma'lum qilishicha, klub Rakitich, Vidal, Todibo, Suares, va Umtitini boshqa klubga qo'yib yuborish orqali ularning maoshlar uchun ajratiladigan puldan 100 million evro tejab qolishni reja qilgan. Umtitining bir yillik maoshi 12 million evroni tashkil etishini inobatga olsak, uni Kuman keraksiz futbolchi deb topganini tushunish mushkul emas. Katta maosh, va turli bonuslar yordamida Umtiti jamoa byudjetiga katta zarar keltirishi mumkin. Buni oldini olish maqsadida «Barselona» frantsuz bilan kelishgan holda o'rtadagi shartnomani bekor qilishi hech gap emas. Shunga qaramay, vaziyatni Umtitining o'zi chigallashtirmoqda. himoyachi klubda yana bir mavsum qolishni, va asosiy tarkibdan o'rin olishni istamoqda.
Afsuski, butun boshli tarkibni «tozalayotgan» klub jarohat olgan futbolchi uchun 12 million evro to'lamasligi aniq. Xo'sh, agar Samuelga chiqish eshiklari ko'rsatib yuborilsa, u qaerga yo'l olishi mumkin? 26 yoshli futbolchi hali o'z so'zini aytmagan, shu bois unga bo'lgan qiziqish Evropada saqlanib turibdi.
«Manchester Yunayted»
«Qizil iblislar» so'nggi paytda sifatli markaziy himoyachi yo'q ekanligi uchun juda ko'p jabr chekishdi. Ayni damda, klub ixtiyorida naqd 6 ta markaziy himoyachi mavjud. Hatto ular orasida 80 million Maguaerning bo'lishi ham mudofaani kuchli bo'lishini ta'minlay olmadi. Lindelofga stabillik etishmaydi. Bayi klubga kelganidan beri turli-tuman jarohatlar olishdan bo'shamayapti. Maguaer juda sekin harakat qiladi. Qarshi hujumlarni bartaraf etishda uning imkoniyatlari juda past. APLdek shiddatli musobaqada kuchli markaziy himoyachilarisiz hech narsaga erishib bo'lmasligini «Siti» va «Liverpul» isbotlab berdi. «Qizil iblislar» Umtitini qo'lga kiritsa, qahramonimiz klub uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin. Boz ustiga, o'z faoliyatini ham qayta ishga tushirish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo'ladi.
«Inter»
Bu variant «Barselona»ga qo'l kelishi mumkin. Sababi, jamoa Lautaroning transfer summasini kamaytirishda frantsuzdan foydalanadi. Antonio Konte qo'l ostida Umtiti o'ziga bo'lgan ishonchini tiklab olishi, yangicha uslubdagi himoyalanishdan xabardor bo'lishi mumkin. Konte ko'pincha 3 ta himoyachiga suyanadi. Bu esa, Samuelning avval ochilmagan qirralarini namoyish etish uchun ajoyib imkoniyat. Afsuski, bu transferning amalga oshish darajasi juda past. Shunday bo'lsada, «Yuventus»ga qarshi jangga chiqqan milanliklar uchun Umtiti ajoyib tanlov vazifasini o'tab berishi mumkin.
«Lion»
«Barselona» Depayni qo'lga kiritish uchun turli uslublarni qo'llab ko'rmoqda. Memfis Ronald Kumanning rejalarini amalga oshirishda qo'l kelishi aniq bo'lgan figura. Samuel esa, aynan «taqachilar» akademiyasi tarbiyalanuvchisi sanaladi. Ortga bir qadam, oldinga ikki qadam tashlash imkoniyatini yaratib berishi mumkin. Agar Samuel nisbatan kuchsizroq birinchilikda sport formasini tiklab olsa, yana avvalgi darajasida to'p surishi mumkin. hech qanday bosimsiz to'p tepish zavqini Samuel sog'ingan bo'lsa, ajab emas. Tinimsiz tanqidlardan charchagan qahramonimiz Depay bilan o'rin almashishi hech gap emas. «Lion» murabbiyi Rudi Garsiya ham o'z intervyularida Umtitini jamoasida ko'rishni istayotganini yashirib o'tirmayapti. Murabbiy ochiq futbol namoyish etmaydi. Shu sababli, mudofaadagi futbolchilarning salohiyati unga juda muhim. Umtitining transferi Garsiyaga maydonning o'zida bir nechta manyovrni amalga oshirish imkonini berishi turgan gap.
"Arsenal"
London klubi markaziy himoyani o'z qo'liga olishga qodir futbolchi izlashda davom etishmoqda. David Silva, Shkordan Mustafi, Sokratis singari futbolchilar "Arsenal"ning ishonchini oqlay olmadi. Vaholanki, ularning har biri o'z jamoalarida yaxshigina "avtoritet"ga ega ijrochilar edi. Agar Samuel jarohatidan ertaroq forig' bo'lsa, APLga ko'chib o'tishi mumkin. «Kononirlar» frantsuzlarga o'zgacha ehtirom ko'rsatishadi. Bu Arsen Venger erasidan qolgan odat. Boz ustiga, Samuelning yoshlikdagi do'sti va sobiq jamoadoshi - Aleksander Lyakazzet ham bugungi kunda «to'pchilar» sharafini himoya qilmoqda. Bu omil, moslashuv jarayoning tezda o'tishini ta'minlab berishi aniq.
«Renn»
Bu variant biroz g'alati eshitilishi mumkin, biroq agar «Barselona» Umtiti bilan shartnoma bekor qilsa hamma narsa bo'lishi mumkin. Boz ustiga, jarohatini davolash bilan band futbolchi uchun grandlar o'z eshiklarini yopib olishi ham hech gap emas. Shunday ekan, «Renn»ni hali kurashdan chiqarib yuborishga erta. Katta ehtimol bilan, «Barselona»dan Umtitini klub sotib olishga qodir emas. Shu sababli, tomonlar kelishgan holda frantsuzni ijaraga asosida «Renn»ga yuboradi. Umtiti sifatli mavsum o'tkazish orqali o'ziga bo'lgan ishonchni va sport formasini tiklab olishi mumkin. U endigina 26 yoshda. Agar ishonchli mavsum o'tkaza olsa, yana atrofida grand klublar «o'ralashib» qolishi aniq.
24-Sentyabr 2020,16:40