«Barselona» himoyachisi Xerard Pike Ispaniya Kubogi ½ final javob bahsi doirasida kechgan «Sevilya»ga qarshi bahsda (3:0) jarohat oldi.Katalon klubi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, futbolchi o'ng tizzasi bog'lamlarini shikastlab olgan. AS xabariga ko'ra, Pike bu jarohat tufayli uch hafta maydonga tusha olmaydi.Shu tariqa himoyachi Chempionlar Ligasi 1/8 final javob bahsi doirasidagi PSJga qarshi kechadigan 10 mart kungi uchrashuvni o'tkazib yuboradigan bo'ldi. Shuningdek, Pike katta ehtimol bilan La Ligadagi «Osasuna», «Ueska» va «Real Sosedad»ga qarshi o'yinlarda ham ishtirok etolmaydi.Ayni damda «ko'k-anorranglilar» tarkibida uch nafar markaziy himoyachi qolmoqda. Bular — Kleman Langle, Samyuuel Umtiti va Oskar Mingesa.«Sevilya»ga qarshi bahsda 90+4-daqiqada jamoasining ikkinchi golini urib, qo'shimcha bo'limlar belgilanishiga sabab bo'lgan futbolchi o'yin vaqtida tizzasida muammo sezgandi. Biroq shifokorlar ko'rigidan keyin Pike uchrashuvni davom ettirgan, oqibatda bahsdan keyin oqsoqlanib qolgandi.Avvalroq 34 yoshli futbolchi jarohat sabab deyarli uch oy o'ynamagandi.Eslatib o'tamiz, Ronald Arauxo, Miralem Pyanich, Serxi Roberto, Ansu Fati va Filippe Koutino kabi futbolchilar jarohat sabab «Barselona» lazaretida bo'lib turibdi.
5-Mart 2021,16:30