Messi bitta klub safidagi gollar soni bo'yicha Pelening “Santos”da o'rnatgan rekordini yangilashga erishgan.
Leoning o'sha uchrashuvda foydalangan butsalar xayriya auktsioniga qo'yiladi. Butsalarning modeli Nemeziz bo'lib, ularga futbolchining dastxati qo'yilgan. Shuningdek, butsaga Messining rafiqasi Antonellaning ismi va uch farzandining tug'ilgan sanalari tushurilgan.
Dastlab, argentinalik “Adidas” bilan hamkorlikda ushbu butsalarini Kataloniya milliy san'at muzeyiga sovg'a qildi. Muzey rahbariyati esa Messi va ekipirovkani ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan kelishgan holda ularni Barselonadagi bolalar shifoxonasiga yordam berish maqsadida xayriya auktsioniga qo'yishga qaror qildi.
“Barselona”dagi 644-golimni urishga muvaffaq bo'lganimdan juda xursand bo'ldim, ammo eng muhimi, sog'lig'i uchun kurashayotgan bolakaylarga yordam berish imkoniyati.
Umid qilamanki, apreldagi auktsion insonlarning ushbu muammoga e'tibor qaratishiga yordam beradi. Mazkur tashabbusni qo'llab-quvvatlayotganlarning barchasidan minnatdorman. Bolalarga yordam berish men uchun juda muhim”, deydi Messi.
Auktsion onlayn formatda o'tadi va 19-30 aprelga qadar davom etadi.
15-Aprel 2021,21:15