Afsonaviy Yoxan Kroyff ham vaqtida bitta irimga qat'iy amal qilgan: jamoasi o'yinidan oldin har safar darvozabon qorniga musht tushirgan va og'zidagi saqichni tupurib tashlagan. Aytishlaricha, u bu ishni bir marta unutgan va «Ayaks» evrokuboklar finalida mag'lubiyatga uchragan. Mashhur Rinus Mixels vaqtida Kroyffning xarakteriga alohida to'xtalgan edi: «Shubhasiz, men bilan ishlagan eng buyuk futbolchi - bu Yoxan. Ammo barcha buyuklar kabi Kroyffda ham o'ziga xos xarekteri bor edi. U g'alabadan boshqasini sira tan olmasdi. Deylik, kubok turniri doirasidagi oddiyroq o'yinga zaxira tarkibini tanlaganimda, Yoxan darhol ofisga bostirib kirib, hattoki, baqirardi: «Hoy, nega bunday qilyapsiz, axir g'alaba qozonishimiz kerak-ku...». Ajoyib yigit. Ammo futbol masalasiga kelganda, u biroz g'alati bo'lib qolardi. Ba'zan tanlangan taktikaga past ovozda e'tiroz bildirib, o'zini shaylantirardi, go'yo. Shuningdek, Yoxonda o'ziga xos irimlar ro'yxati ham yo'q emasdi».
Yoxan Kroyff irimlaridan biri ayniqsa, darvozabonlarga og'ir botgandir. Chunki u saqichni tupurib tashlab, kiperning qorniga musht tushirardi. Shunchaki emas, jiddiy qiyofada, yana kuch bilan. Yoxan Kroyffning o'zi 1972 yili bu borada alohida gapirib bergandi: «Ha, bu g'alati odat, lekin men uchun kichik irim. Barchasini, ya'ni shunday amal menga omad keltirishini tasodifan payqadim. Shunday qilsam, jamoam ko'pincha g'alaba qozonadi».Reja oddiy: Kroyff o'yindan oldin maydonni bir aylanib chiqardi. U bu vaqtda og'zidagi saqichni rosa chaynardi va yakunda raqib jamoa darvozasi tomon tupurardi. Aniqrog'i, raqib muxlislariga ajratilgan tribuna ro'parasidagi darvoza tomon (safar o'yini bo'lsa, chaynalgan saqich mezbonlar tribunalari tomon «uchardi»). Kroyff shundan keyin kiyinish xonasiga qaytib, asosiy darvozabon bilan biroz suhbatlashar va uning qorniga zarba berardi. Futbolchi ba'zan saqich tupurishni ancha cho'zardi. Ya'ni hakamning start hushtagi yangrashi arafasigacha sabr qilardi. Albatta, raqib jamoaning birinchi bo'limda maydonning qaysi yarmidan joy olishi ma'lum bo'lishiga qadar.
Kroyff ushbu irimini «Ayaks» ishtirokidagi ko'plab o'yinlarda takrorlagan. Eng e'tiborli jihati, muxlislar jamoa sardori o'ylab topgan antiqa «hunar»ni olqishlashar, qolaversa, barcha futbolchilar unga so'zsiz bo'ysunishardi. Biroq kulguli xurofotdan darvozabonlar qattiq aziyat chekishgan, ayniqsa, Gert Bals. U bir safar hammasini ro'y-rost aytgandi ham: «To'g'risi, Yoxandan necha martalab qornimga qattiq urmasligini so'radim. U esa o'zini tushungandek ko'rsatar va ohista zarba berardi. Ammo qattiq tegardi, baribir, har holda, bu jarayon yoqimli emasdi. Eng qizig'i, uning o'zi bir gal yuzimga engil tarsaki berishini aytdi va bunga qarshilik qilolmadim. O'shanda muhim ochko yo'qotdik - durang. Uchrashuvdan keyin Yoxan menga qarab o'shqirdi: «Bas, tarsaki ish bermadi, bilib qo'y, keyingi safar yana qorningga musht tushiraman».
Murabbiy Rinus Mixels bu udumdan yaxshi xabardor edi, ammo Kroyffga taqiq qo'ymagan. Balki u ham Yoxanning irimi «Ayaks»ga omad keltirishiga ishongan yoki shunchaki, etakchi futbolchi ra'yiga qarshi borishni istamagandir. Kroyff o'yinlardan biri arafasida saqich tupurishni unutadi va «Ayaks» yutqazadi, yana evrokuboklar finalida. Aniqroq aytsak, Amsterdam jamoasi 1968|1969 yillar mavsumida Evropa miqyosidagi turnirning hal qiluvchi o'yiniga chiqadi. Bunga qadar Niderlandiya klublari evroturnir finalini ko'rgan emasdi. Xullas, «Ayaks» 1969 yili Evropa Chempionlar kubogini yutish uchun «Milan»ga qarshi maydonga tushadi. Kroyff o'sha uchrashuv oldidan ham o'z irimini takrorlashga shaylanadi. Ya'ni hakamning dastlabki hushtagidan oldin jamoani sardorlik bog'ichi ostida maydonga boshlab tushgan darvozabon Bals yoniga yuguradi va uning qorniga musht tushiradi. Keyin saqich sotib olishni unutganini fahmlab, birdan seskanib tushadi. Kroyffning o'zi finaldan keyin o'sha omadsizlikni shunga bog'lagandi: «Saqich olishni unutganimdan rosa asabiylashdim. Boz ustiga, bu men uchun birinchi katta final edi. Eh, shunday o'yinda saqichni unutsam-a... To'g'ri, tan olishim kerak, «Milan» juda kuchli bo'lgani tufayli yutqazdik. Ammo kichik xatom ham uchrashuv natijasiga ta'sir qilgani tayin. Aslida o'yin payti bu haqda o'ylaganim yo'q, lekin taqdirlash marosimida barchasini tushundim va o'zimni koyidim: «Yoxan, agar bugun ham la'nati saqichni tupurganingda, o'yin mutlaqo boshqacha stsenariy ostida kechishi hech gap emasdi». Ma'lumot uchun, «Milan» o'sha uchrashuvda to'liq ustunlikka erishib, «Ayaks»ni shunchaki, «parchalab» tashlagandi - 4:1.
Kroyff oradan yana 2 yil o'tib, evrokuboklarda g'alaba nashidasini suradi. Keyin 1971|1972 va 1972|1973 yillar mavsumlarida yana evrokuboklarning bosh sovriniga ega chiqadi. Shundan so'ng «Barselona» safiga qo'shilgan afsona antiqa irimini kamroq o'tkazishga odatlanadi. Deylik, darvozabon Salvador Sadurni niderlandiyalik yulduzga ijobiy munosabatda bo'lsada, undan jamoadoshlariga hurmat bilan qarashni talab qiladi va qorniga musht tushirishiga yo'l qo'ymaydi.
A.AHMEDOV tayyorladi
18-Aprel 2021,13:20
O'qildi: 62 - Fikirlar: 0