Ispaniya chempionati yakunlanishiga ikki tur qolganida titul uchun kurashadigan jamoalar soni ikkitaga kamaydi: «Atletiko» hamon peshqadam bo'lib, "matraschilar" hisobida 80 ochko, "Real"da esa 78» va eng muhimi qirollik klubi shaxsiy uchrashuvlarda raqobatchilaridan ustunlik qilmoqda. Demak, Diego Simeone jamoasining har qanday noto'g'ri ishi, hatto durang ham jamoaga qimmatga tushadi. Sababi, ular ochko yo'qotgan taqdirda, «Qirollik klubi»ning ikkita g'alabasi Zidanga chempionlik unvonini himoya qilishga imkon beradi.
Kataloniyaliklarda 76 ochko bor, agar turnir jadvalida ochkolar teng bo'lsa, ular «Atletiko»dan ham, «Real»dan ham qo'shimcha ko'rsatkichlar bo'yicha pastroq bo'lishadi. Peshqadamdan 2 turda 4 ochkoni qaytarib olishi qiyin masala bo'lib, "Blaugranas"ga birinchi o'ringa ajoyib ko'tarilish uchun ikkala Madrid jamoasining xatosi kerak. "Barsa" hali ham birinchi o'rin uchun matematik imkoniyatlarini saqlab qoladi, ammo chempionat stsenariysi juda murakkab:
1. «Barselona» endi xato qilishga haqli emas: ularga «Selta» va «Eybar» bilan o'yinlarda faqat g'alaba kerak. Kataloniyaliklarning ikkala raqibida ham kurashish uchun sabab bor. Vigoliklar hanuzgacha Evropa Ligasi zonasiga kirishga umid qilishmoqda va "Eybar" omon qolish uchun kurash olib bormoqda.
2. «Atletiko» esa «Osasuna» va «Valyadolid»ga qarshi qolgan ikkita o'yinda 1 ochkodan ko'proq to'plashi shart emas.
3. «Real» «Atletik» va «Vilyarreal» ga qarshi bahslarda 3 ochkodan ko'p to'plamasligi kerak.Faqatgina shu uchta hodisaning har biri ro'y bergan taqdirdagina, «Barselona» Ispaniya chempioniga aylanadi. Bu haqiqatmi yoki yo'qligini o'zingiz baholang. Menimcha, yo'q.
«Barselona» «Granada» va «Levante» ga qarshi o'yinlarda chempionlikni qo'ldan boy berdi.Taqdir «kuchli uchlik»ning har bir klubiga birinchi bo'lish imkoniyatini berdi. «Atletiko» qoqilishlarga qaramay, ohirida xatolarga yo'l qo'ymay kelmoqda va shu sababli chempionlikka eng yaqin. «Real»ga jarohatlar va Chempionlar Ligasi qo'shimcha ish yukladi. «Barselona» mavsum boshida ko'p ochko yo'qotdi va katta uchrashuvlarda ularning "saxiyligi" tutib qoldi, ammo bu barcha muvaffaqiyatsizliklarni ikki uchrashuvdagi g'alabalar bilan bartaraf etish mumkin edi.33-turda Ronald Kuman jamoasi «Kamp Nou» da «Granada»ga qarshi katta ustunlik bilan o'ynadi va birinchi bo'limdan so'ng 1: 0 hisobida g'alaba qozondi, ammo ikkinchi bo'lim o'rtalarida kataloniyaliklar ikkita gol o'tkazib yuborishdi va g'alabasiz qolishdi. 36-turda «Barselona» «Levante»ga qarshi o'yinda 2: 0 va 3: 2 hisobida oldinda bora turib, yakunda raqibga mag'lubiyatdan qutulishga imkon berdi. O'yin 3-3 hisobida o'z nihoyasiga etdi.
Ushbu uchrashuvlarda yo'qotilgan beshta ochko «Barsa ga juda qimmatga tushdi, chunki agar ular mazkur uchrashuvlardagi yuz foizlik natija kataloniyaliklarni turnir jadvalida «Atletiko» va «Real»dan ko'proq, ya'ni 81 ochkoga ega bo'lishlarini ta'minlar edi. So'ngra so'nggi ikki tur oldidan "ko'k-anorranglilar"ga g'oliblik uchun asosiy da'vogar sifatida qaralar edi.Ha, futbolda muhim pallalarda konsentratsiyani yo'qotmaslik kerak, ammo haqiqat shundaki, mavsum oxirida «Granada» va «Levante»ga qarshi o'yinlarda g'alaba qozona olmaydigan jamoa albatta, birinchi o'ringa loyiq emas.
Katta o'yinlardagi muvaffaqiyatsizliklar
«Barselona» muxlislari ushbu noxush mavsumni iloji boricha tezroq yakunlanishini allaqachon kutishmoqda. O'tgan yozda hammasi Lionel Messining «Kamp Nou»dan ketishga urinishidan boshlandi, ammo argentinalikni kuch bilan ushlab turishdi. Keyin prezident Xosep Bartomeu bilan uzoq kutilgan xayrlashuvdan so'ng keskin o'zgarishlar kutilmoqda va qaysar Leoning umidlari tiklandi.
«Barsa» chindan ham yaxshi o'yin ko'rsatmoqda, ammo agar mavsumning yirik o'yinlari haqida gapiradigan bo'lsak, Ronald Kuman deyarli barchasida yutqazdi. Jamoa Chempionlar Ligasi guruh bosqichi boshida Turinda g'alaba qozongan edi, ammo bu mavsumda «Yuventus»ning ham holati ko'pchiligimizga ma'lum, bundan tashqari «Kamp Nou»da «keksa senora» Krishtianu Ronalduning dubli bilan 3: 0 hisobida g'alaba qozondi va «Barselona»ni ikkinchi o'ringa tushirib yubordi.
Kataloniya klubi chempionlik poygasida emas va endi ular bor e'tiborni keyingi mavsumga qaratishga majbur. Boy berilib kelayotgan qator mavsumlardan so'ng muxlislar va klub vakillari shu gap bilan o'zlarini ovutib kelmoqda. Balki, EChL va xatto La Liga sovrinini sog'inib qolgan Kataloniya klubi muxlislarini kelasi mavsumda o'z suyuklilari xursand qilar, hozircha esa umid, sabr va orzu kabi hislar ular bilan birga. O'zgarishlarga muvaffaqiyatsizliklar sabab bo'ladi, odatda. Ayni dam "Barselona"da muvaffaqiyatsizliklar etarlicha, faqatgina o'zgarishlar o'zini kuttirib qo'ydi.
Xudayqulov KARIM tayyorladi
14-May 2021,18:00
O'qildi: 46 - Fikirlar: 0