Navbatdagi transfer mavsumini «PSJ» o'ta faol o'tkazdi. Jamoa Ashraf Hakimi uchun «Inter»ga 60 mln. evro to'lagan bo'lsa, Serxio Ramos, Janluidji Donnarumma, Jorjino Veynaldum va Lionel Messilar Parijga erkin agent maqomida tashrif buyurdilar. Poytaxt klubi mutasaddilari erkin tanlov asosida tekinga kelganlarni qay darajada rag'batlantirganlaridan bexabarmiz. Lekin shunisi aniqki, mazkur darcha tarixiy transferlar qatoridan joy oldi. Shu bahonada kasbdoshlarimiz o'z tarkibini kuchaytirish yo'lida yirik sarmoyalardan voz kechgan 10ta top-klub xaridlari va ular qanday samara berganini eslatib o'tishni lozim topishdi.
«Chelsi» (2017) - 204 mln. evro
2017 yilning yozi. Antonio Kontening debyut mavsumida chempionlikka erishgan jamoa yuksak unvonni himoya qilish tadorigini ko'ra boshladi. Buning uchun «Real»dan Alvaro Moratani 66, «Monako»dan Temue Bakayokoni 40, «Lester» o'yinchisi Deniel Drinkuoterni 38, «Roma» vakillari Antonio Ryudigerni 35 va David Zappakostani 25 mln. evroga xarid qildi. Bitta transfer darchasida 200 mln.dan ko'proq sarflagan klub tabiiyki, jamoadan muvaffaqiyat kutadi. Biroq amalda bunday bo'lmadi. Konte Romelu Lukakuni so'ragandi, ammo belgiyalik hujumchi «MYu» safidan joy oldi. Murabbiy esa uning o'rniga Morataga ega bo'ldi. Lekin u ham naf keltirmay, tez orada g'oyib bo'ldi. «Monako»da mavsumni o'ta yorqin o'tkazgan Bakayokodan tayanch hududini mustahkamlashi kutilgandi, lekin u muhitga moslasha olmadi va «surgun»da to'p suradigan bo'ldi. Drinkuoterning xaridi boshdanoq shubhali tuyulgandi, aslida ham o'z isbotini topdi. U o'z o'rnini asosiy tarkibdan emas, turli mojarolardan topdi. Zappakosta esa raqobatga dosh bera olmay, zaxiraga mixlanib qoldi. Xullas, yulduzlar beshligidan faqat Ryudiger ma'lum muddatdan keyin bo'lsada, talab darajasida o'yin ko'rsatdi. Oqibatda, 2017|18 yillar mavsumida «ko'klar» hatto etakchi kvartetga ham chiqa olishmadi, EChLda «Barselona» ularni musobaqadan barvaqt chiqarib yubordi. Konte bir amallab Angliya kubogini qo'lga kiritgan bo'lsada, iste'fodan qutula olmadi.
«Barselona» (2017) - 223 mln. evro
Kataloniya grandining o'sha yili amalga oshirgan ulkan xarajatlarini izohlash qiyin emas: yozda jamoa kaltabinlik oqibatida Neymarni 222 mln. evro evaziga «PSJ»ga berib yubordi, o'zi esa murakkab vaziyatga tushib qoldi. Chunki braziliyalik hujumchi o'rnini to'ldiradigan o'rinbosar yo'q edi. Shoshilinch izlanishlar natijasida Usmon Dembele tanlandi, lekin mavsumni o'ta yorqin o'tkazgan vingerni «Borussiya Dortmund» qo'yib yuborishni istamadi. Shu bois, kataloniyaliklar uni oshirilgan bahoda - 135 mln.ga sotib olishdi. Shuningdek, Xitoydan qaytgan Paulinoga 40, «Benfika»lik Nelson Semeduga 36 va «Everton»dagi «Barsa» tarbiyalanuvchisiga 12 mln. evro sarflandi. Taajjubki, shu futbolchilar orasida faqat Paulino ishonchni oqladi. Yanada ajablanarlisi - bir yildan keyin u jamoani tark etdi.
«Manchester Siti» (2017) - 242,5 mln. evro
Guvohi bo'lganingizdek, 2017 yil transfer bobida juda sermahsul bo'ldi. Debyut mavsumida chempionlikka erisha olmagan Gvardiola omadsizlik takrorlanmasligi uchun jiddiy ishga kirishdi. Rahbariyat esa ziqnalik qilmadi va Benjamen Mendi («Monako», 57,5), Kayl Uoker («Tottenxem», 53) Bernardu Silva («Monako», 50), Ederson Moraes (40), Danilo («Real», 30), Duglas Kosta («Vasko da Gama», 12)lardan millionlarni ayamadi. Shuningdek, faxriy futbolchilardan forig' bo'ldi. Yuqorida zikr etilganlardan farqli o'laroq, «Siti» maqsadiga erishdi. Mendi va Luisdan boshqa barcha debyutantlar talab darajasida to'p surdilar, jamoa 2-o'rindan 19 ochkoga o'zgan holda 100 ochko bilan shohsupaga chiqdi, Liga kubogini qo'lga kiritdi. Garchi EChLda Xosep turnirni chorak finalda tark etgan bo'lsada, xaridlar o'zini oqladi.
«Atletiko» (2019) - 244,5 mln. evro
Endi «matraschilar» «Barselona»ning ikki yil avvalgi holatiga tushib qoldilar. Farqi - bu gal kataloniyaliklar xaridor edilar. Ular madridliklarning bosh yulduzi - Grizmanni xarid qilishdi. «Atletiko» esa «Benfika»dan o'sha davrning noyob iqtidori - Joau Feliksni 127 mln.ga sotib oldi. Shuningdek, Lorente («Real», 30), Mario Ermoso («Espanol», 25), Tripper («Tottenxem», 22) Lodi ( «Atletiko Paranaense», 20,5) va Felipe («Portu», 20) «matraschilar» safiga qo'shildilar. Jamoa baxtiga, barcha debyutantlar risoladagidek to'p surishmoqda. Pandemiya arafasida «Atletiko» «Liverpul»ni EChLda enggach, hamma uning yorqin davri kelganligini taxmin qilgandi. Biroq jamoa kutilmaganda «Leyptsig»ga imkoniyatni boy berib, musobaqani chorak finalda tark etdi. Ichki chempionatda esa «Real» va «Barsa»dan keyin 3-pog'onadan joy oldi. Ikki yildan keyin Simeone shogirdlari shohsupani zabt etdilar.
«Chelsi» (2020) - 247 mln. evro
Eng so'nggi voqea. O'tgan yilning yozida klublar lokdaundan keyin har bir tiyinni qayta-qayta hisoblab, tejamkorlik yo'llarini qidirayotgan pallada, «Chelsi» telbalik attraktsionini tashkil etdi. Ma'lum bo'lishicha, transferlarda qatnashishdan chetlatilgan davrda klub g'aznasida kattagina mablag' yig'ilib qolgan ekan. Mutasaddilar uni sarflashga qaror qilishdi va Kay Xaverts («Bayer», 80 mln.), Timo Verner («RB Leyptsig», 53), Ben Chiluell («Lester», 50), Hakim Ziesh («Ayaks», 40) va Eduard Mendi («Renn», 24)larni sotib olishdi. Shu tariqa tarkibning 50 foizi yangilandi. Natijada o'yin izdan chiqdi. Mavsum o'rtasida esa bosh murabbiy o'zgardi - Lempard o'rnini Tuxel egalladi. Mazkur tadbir naf berib, jamoa o'z tarixida ikkinchi marta EChLda g'olib chiqdi, Angliya kubogida finalga etib bordi, APLni 4-pog'onada yakunladi.
«Real» (2009) - 253,5 mln. evro
Ajablanishga o'rin yo'q, shunchaki, Florentino Peres prezidentlik lavozimiga qaytdi va odatiga binoan «galaktikos»ni shakllantirishga kirishdi: Krishtianu Ronaldu («MYu», 94 mln.), Kaka («Milan», 67), Karim Benzema («Lion», 35), Xabi Alonso («Liverpul» 34,5), Raul Albiol («Valensiya», 15), Alvaro Negredo («Almeriya», 5), Esteban Granero («Xetafe», 4), Alvaro Arbeloa («Liverpul», 4). Ularni boshqarish Manuel Pellegrini zimmasiga yuklandi. O'sha mavsum «Real» chempionga xos ochko (96) jamg'argan bo'lsada, kumush medallar bilan kifoyalanishga majbur bo'ldi. Boisi, Gvardiolaning «Barselona»si undan 3 ochkoga o'zib ketgandi. EChLda jamoa o'sha yillar an'anasiga ko'ra musobaqani barvaqt tark etdi - nimchorak finalda «Lion»dan engildi.
«Yuventus» (2018) - 258,5 mln. evro
2018 yilda «Keksa sinora» barcha mavjud turnirlarda g'olib chiqishga ahd qilgandi. EChLdagi 2ta finaldan so'ng, turinliklar ishni oxiriga etkazish maqsadida nufuzli sovrinning asl mutaxassisi - Ronalduni xarid qilishdi. U 33ni «urib» qo'yganiga qaramasdan, «Real» baribir 117 mln.ga ega bo'ldi. Shuningdek, Joau Konselu («Valensiya», 40), Duglas Kosta («Bavariya», 40), Mattia Perin («Jenoa», 14) ham jamoa tarkibidan joy oldilar, «Milan»dan 35 mln. evaziga Leonardo Bonuchchi qaytarib olindi. Xo'sh, natija nima bo'ldi? «Yuventus» an'anaviy tarzda chempion bo'ldi, lekin bosh maqsadiga eta olmadi - sensatsiyalar muallifi bo'lmish «Ayaks» tufayli EChLni chorak finalda tark etdi.
«Barselona» (2019) - 272 mln. evro
O'sha yilning yozida jamoa Neymar o'rnini bosa oladigan hujumchini izlash bilan band edi. Dembele bu vazifani uddalay olmagach, mutasaddilar boshqa frantsuz - Grizmanni taklif etishdi. Buning uchun 120 mln.dan voz kechishdi. Shuningdek, Frenki de Yong («Ayaks», 86), Neto («Valensiya», 26), Pedri («Las-Palmas», 20) va Xunior Firpo («Betis», 20) bilan tarkib kuchaytirildi. Mavsum boshlangach, ish kutilganidek yurishib ketmadi. Shu bois, Valverde o'rniga Kike Seten keldi. Biroq hujumkorlik va uyushqoqlik o'rniga beqarorlik kuzatildi. Natijada jamoa ichki chempionatda 2-o'rinni egalladi, kubok turniridan chorak finalda chiqib ketdi. «Bavariya»dan sharmandali (2:8) mag'lubiyatni qabul qilgach, EChLni butunlay unutib yuborish afzal bo'lib qoldi.
«Real» (2019) - 321 mln. evro
Ikki yil avvalgi transfer darchasi faqat «Barsa»ning hukmronligida o'tmadi - «Real» uni ortda qoldirdi. Florentino Peres tarkibni kuchaytirish uchun Zidanga «bir vagon» mablag' ajratdi. Asosiy e'tibor Eden Azarga qaratildi. U yangi Ronaldu maqomiga qo'tarilishi lozim edi. Belgiyalik futbolchi 115 mln. evro evaziga Madridga keldi. Qolgan kelishuvlarga ham katta mablag' sarflandi: Luka Yovich («Ayntraxt», 63), Eder Militao («Portu», 50), Ferlan Mendi («Lion», 48), Rodrigo («Santos», 45). 2019|20 yillar mavsumida «Real» nihoyat, chempionlikni «Barsa»dan tortib oldi, lekin EChLda «pley-off» bosqichining dastlabki bellashuvida «Manchester Siti»dan engildi. Xullas, transfer kampaniyasi kutilgan natijani bermadi.
«PSJ» (2017) - 383 mln. evro
Moliyaviy «feyr-pley»ni nazar-pisand qilmagan Parij grandi «Barsa»ni boplab laqillatdi, Neymar o'z kontraktini 222 mln. evroga sotib oldi. Bu «PSJ»ning eng ko'p mablag' sarflagan etakchi klublar o'nligidan joy olishi uchun etarli edi. Qo'shimchasiga, «Monako»dan Kilian Mbappe xarid qilindi. Ha, uni keyinchalik xarid qilish sharti bilan ijaraga olingani qayd etilgan. Biroq 145 mln.ga xarid qilinadigan futbolchini ijaraga olib bo'lmasligini hamma tushunib turardi. Shuningdek, «Real Sosedad» vakili Yuri Berchiche uchun 16 mln. sarflandi. O'shanda «PSJ» qit'a gegemonligiga da'vogar maqomida bo'lishi, bunga erishishga yulduzlar ko'mak berishlari lozim edi. Biroq jamoa qatorasiga ikki mavsum EChLning nimchorak finalidan o'ta olmadi. To'g'ri, Liga 1 g'olibligini saqlab qoldi. Neymar va Mbappening transferlarini muvaffaqiyatsiz, deb bo'lmaydi. Ular risoladagidek to'p surishdi. Biroq mutasaddilar yuksak cho'qqilarning zabt etilishidan umidvor bo'lishgandi.
D.ALIMOV tayyorladi
7-Sentyabr 2021,10:20
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0