"Klasiko" atamasi kelib chiqish tarixiga nazar solsak, o'zaro eng ko'p to'qnash kelgan va hech qachon quyi ligaga tushib ketmagan klublar o'rtasidagi to'qnashuvlarga nisbatan qo'llaniladi. Bilasiz, Ispaniya La-ligasida aynan shunday maqomga ega 3 ta klub bor - "Real Madrid", "Barselona" va "Atletik Bilbao". Ammo, dunyo har doim "Real" va "Barsa" o'rtasidagi to'qnashuvni kutadi va aynan "el-klasiko" nomiga ushbu jamoalar o'rtasidagi qarama-qarshilikni munosib ko'radi. "Real Madrid" - "Atletik Bilbao" yoki "Barselona" - "Atletik Bilbao" uchrashuvlarida ertangi o'yin kabi daraja bo'lmaydi. Baribir "Real" - "Barsa" to'qnashuvi mutlaqo boshqa daraja, butun dunyo muxlislarini o'ziga jalb eta oladigan va kerak bo'lsa ikkiga ajratib qo'yadigan uchrashuv.
So'ngi 5 ta "el-klasiko"larda qayd etilgan natijalarga razm solsangiz, ustunlik madridliklar tomonida ekani ko'rinadi. 1:3 ("Real" foydasiga), 2:1 ("Real" foydasiga), 1:2 ("Real" foydasiga), 2:3 ("Real" foydasiga) va 0:4 ("Barselona" foydasiga). Gap albatta rasmiy o'yinlar haqida ketayapti. Guvohi bo'lganingizdek, kataloniyaliklar Xavi boshqaruvida rasmiy o'yinlarda bir bor "Real" bilan to'qnash kelishgan va azaliy raqiblari darvozasisha javobsiz 4 ta to'p kiritishga muvaffaq bo'lganlar. Demak, so'ngi "klasiko" bo'yicha ruhiy ustunlik "Barsa" tomonida.
"El-klasiko"lar tarixida eng ko'p gol kiritgan futbolchi Leo Messi, uning hisobida 26 ta gol (42 o'yin) bor. Undan keyingi o'rinda o'zining azaliy raqibi Ronaldu turibdi - 18 ta (30 o'yin) gol. Xuddi shuncha gol afsonaviy Alfredo Di Stefano (30 o'yin) hisobida ham mavjud. Keyingi o'rinlarni Raul Gonsales 15 ta (37 o'yin) gol, Ferents Pushkash 14 ta (18 o'yin) gol bilan egallab turishibdi.
Xavi - iqtidor, Anchelotti esa - professor. Ularning ikkisi ham allaqachon bunday nomlarga munosib ekanliklarini isbotlab bo'lishgan. Mirjalol Qosimov - haq, futbolda oldindan bashorat qilish noto'g'ri. Masalan Chempionlar ligasida "Bavariya" o'z maydonida "Viktoriya Plzen" bilan to'qnash kelsa, shu o'yinda mehmonlar g'alabasini taxmin qilgan kishi axmoqqa o'xshab ko'rinadi. Ammo 90 daqiqalik bahs yakunida har qanday kutilmagan natija qayd etilishi mumkin. Ertangi oqshomda bizni natijasini oldindan taxmin qilish qiyin bo'lgan super to'qnashuv kutib turibdi. Albatta har kim o'zi muxlislik qiladigan jamoa g'alabasini kutaveradi. Anchelotti - Xavi qarama-qarshiligida shaxmat sport turi kabi taktik chizgilar katta sahnaga chiqishi turgan gap. Hozir hamma joyda Levandovskiy va Benzema haqida gap ketayapti, o'yin afishalarida ham aynan ularning qiyofasi namoyon bo'lmoqda. Ammo, murabbiylar tomonidan ishlab chiqilgan rejada ertangi uchrashuvning asosiy qahramonlari boshqa futbolchilar bo'lishi ham mumkin. Masalan men ertaga "Real"da Valverde, "Barselona" esa Pedrining porlashini kutayapman. Yashirin qurollar aynan ular bo'lishi mumkin.
Sizning bu boradagi fikringiz qanday? Marhamat, izohlarda o'z fikringizni qoldiring. Bunday o'yinlar haqida har qancha gapirsa arziydi.
Bekzod Tolibov
15-Oktyabr 2022,21:00