Ispan futbolida vaziyat yaxshi emas. La Liga va Segunda muddatsiz boykot e'lon qilishi va musobaqalarni to'xtatib qo'yishi mumkin. Barchasi mahalliy jamoalarning Superligada ishtirok etishiga ruxsat beradigan Ispaniyadagi yangi sport qonuni sabab.
Klublar hammasidan ham CVC investfondi bilan kelishuv xavf ostida qolishidan qo'rqishmoqda. Unga ko'ra, ispan jamoalari 2 mlrd evro atrofida olishi kerak. Investfond bilan bitim uchun o'z vaqtida La Liga va Segundadagi 42 jamoadan 38tasi ovoz berishgan, faqatgina "Real", "Barselona", "Atletik" va "Ovedo" qarshi chiqqan.
Eng ko'p mayda va o'rta klublar tashvishlanishmoqda, ular allaqachon CVC'dan keladigan daromaddan foydalanishmoqda. La Ligani olaylik:
• "Osasuna" ushbu puldan 15 mln evro evaziga barcha infrastrukturasi bilan o'zining "Taxonar" mashg'ulot bazasini sotib oldi: bunga qadar u Navarra mintaqaviy hukumatiga tegishli edi. Bundan tashqari, pamploniyaliklar kamtargina transfer byudjetiga ortiqcha yuklama bermaslik uchun CVC pulini yarim himoyachi Moi Gomesning xaridiga sarfladilar.
• "Betis" ushbu yozda yangi mashg'ulot bazasi qurishni boshladi va buni CVC bilan bitimdan tushadigan pul bilan qilmoqchi (shunday reja "Espanol", "Kadis" va "Selta"da ham bor). Sevilya klubi shuningdek raqamli sohada ham biznesni ishga tushirishni rejalashtirmoqda (bu haqda aniq tafsilotlar hozircha yo'q), umumiy mablag' – 70 mln evro. Buning katta qismi investfond bilan bitimdan tushadigan daromaddan.
• "Real Sosedad" ham mashg'ulot bazasida ishlarni rejalashtirgan. Klub CVC'dan keladigan daromaddan o'rinbosarlar stadionini yaxshilash, ayollar jamoasi va chim ustidagi xokkey uchun yangi arena qurmoqchi.
• "Xetafe", "Vilyarreal", "Valyadolid", "Almeriya", "Elche" va "Jirona" CVC'dan olinadigan pulni nafaqat mashg'ulot bazasi, balki uy stadionini ham yangilashga tikishmoqchi.
• "Valensiya" "Nueva Mestalya"ni qurishni umuman yakunlamoqchi, garchi bunga qadar loyiha bir necha marta muzlatib qo'yilgan bo'lsa ham. Investfonddan kelgan pul juda ham qo'l keldi – nihoyat, ushbu yozda stadiondagi ishlari davom ettirildi.
• "Sevilya" marketing investitsiyalarini hisobga olmaganda, masalan, pulni xalqaro brendning rivojlanishiga sarflamoqchi.
• "Atletiko" infrastrukturani va texnologik rivojlanishni kuchaytirmoqchi, shuningdek qarzlarini yopmoqchi.
Qanaqa qonun?
Ispaniya sotsialistik ishchilar partiyasi (PSOE) o'zining so'nggi yig'ilishlaridan birida sport to'g'risidagi yangi qonunni qabul qildi. Yangiliklar ispan jamoalariga milliy turnirlardagi ishtirokni Superliga bilan uyg'unlashtirish imkonini berishdan iborat.
Bu ko'p jamoalarga yoqmadi: "Real" va "Barselona" Superligada ishtirok etsa, CVC bilan bitimda va hali olinmagan pullar bilan muammo bo'lishi mumkin.
17 oktyabr kuni Ispaniya madaniyat va sport vaziri Mikel Iseta La Liga vakillari va 14 klub vakili bilan uchrashdi: ular qonunga o'zgartirish kiritilishidan xavotirda ekanliklarini bildirishdi.
Bundan tashqari, ular keskin qoralar, aniqrog'i "Real" va "Barselona" Superligada ishtirok etgan taqdirda, ulardan milliy chempionatda o'ynash uchun litsenziyasini olib qo'yishni taklif qilishdi.
Shuningdek, klublar o'zgartirishlar kiritilishi bilan Luis Rubiales boshqarayotgan Ispaniya Qirollik futbol ittifoqi (RFEF) ko'proq kuchga ega bo'lishidan xavotirdalar. Ular La Ligadan RFEF'dagi har qanday intitutsional o'zgarishlar haqida muntazam hisobot berishni so'rashmoqchi.
PSEO'ning raqibi sifatida Ispaniya xalq partiyasi (PP) "Real" prezidenti Florentino Peresning qolgan ispan klublariga bosim o'tkazganligi taxmin qilingani sabab o'zgarish kiritmaslikni taklif qildi: "Ular biz bilan muzokaralar olib borishayotgan edi va to'satdan boshqa tomonni tinglashlari kerakligini aytishdi. Ular uchun La Ligani tashkil etadigan boshqa klublardan o'zlarini fikri muhimroq. Sport qonuni Florentino Peresni o'zgartiradi".
COPE xabariga ko'ra, liga va klublar vakillari 20 oktyabr kechqurun yakuniy qarorni kutgan holda, Ispaniya madaniyat va sport vaziri ishtirokidagi yig'ilishdan qoniqish hosil qilishgan. Ammo, qonun o'zgartirilmadi, yangi tuzatishlar bekor qilinmadi va kelasi haftadanoq ehtimoliy ish tashlashlarni boshlash haqida gap bordi. Muayyan klublarning nomi tilga olinmagan, ammo ushbu qaror ispan futboli jamoatchiligining asosiy qismiga yoqmagani aniq.
Superliga haqida nima gaplar?
Yaqinda yana musobaqani boshlash haqida yangilik chiqdi. Hatto aniq sanani ham aytishmoqda, unga ko'ra musobaqa 2024/25 yilgi mavsumda boshlanadi.
Musobaqa g'oyasini hali ham asoschi 12ta klubdan atigi 3tasi qo'llab-quvvatlamoqda: "Real", "Barselona" va "Yuventus".
Nafaqat sanalar, balki boshqaruvchilar haqida ham ma'lumotlar chiqmoqda: Superliga loyihasiga uni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish bilan shug'ullanadigan A22 Sports Management kompaniyasidan Bernd Reyxartni bosh direktor etib tayinlangan.
Musobaqa formatida boshidagi g'oyadan taqqoslaganda o'zgartirish bor: ular jamoalarning kafolatlangan ishtirokidan voz kechishni rejalashtirmoqda, tashkilotchilar buning o'rniga ko'proq klublar bilan mhuokamalar jarayonida yangi formatni ishlab chiqishadi.
Barchasi 15 dekabrda hal bo'ladi: shu kuni Evropa sudi Superliga mavjudligi haqida hukm chiqaradi. Ikkita istiqbolni sanab o'tish mumkin: Superliga yoki erkin harakatga ruxsat oladi, yoki sud UEFAga xalqaro musobaqalarni o'tkazish uchun eksklyuziv huquq biriktiradi.
Bir marta Superligani amalga oshirishning imkoni bo'lmadi, oldinda ikkinchi urinish. U muvaffaqiyatli bo'ladimi?
Alisher Ostonov tarjimasi
22-Oktyabr 2022,14:30