CIES sport tadqiqotlar xalqaro markazi yaqinda qiziqarli tadqiqotni amalga oshirdi - Evropa mamlakatlarining 31ta oliy liga jamoalarini tahlil etdi va ularning qaysisi ko'proq tarbiyalanuvchilarga ega ekanligini aniqladi.
Soddaroq aytganda «futbolchilar tayyorlash bobida eng yaxshi klublar» reytingini shakllantirdi.
Hisob-kitoblar quyidagi shartlar bo'yicha olib borildi:
• Futbolchi 15 yoshdan 21 yoshgacha bo'lgan davrda qaysi jamoada kamida 3 yil to'p surgan bo'lsa, o'sha jamoaning tarbiyalanuvchisi hisoblanadi (ayrim futbolchilarda 2ta «qadrdon» klub bo'lishi mumkin);
• Chempionatda faqat 1 oktyabrga qadar asosiy tarkibda maydonga tushgan o'yinchilar inobatga olinadilar. Mabodo ular bir marta ham maydonga tushmagan bo'lsalar, avvalgi ikki mavsumdagi o'yinlari hisobga olinadi. Shuningdek, 2- va 3-darvozabonlar ham hisobga olinadilar;
• Tadqiqot Evropaning 31ta chempionatida olib borildi: Angliya va Ispaniyadan Finlyandiya, Belarus va Kiprgacha. Biroq top-chempionatlar beshligi - Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya va Frantsiya alohida tahlil etildi.
Qiziqarli va ajabtovur natijalar
• Shak-shubhasiz etakchi - Amsterdamning «Ayaks»i. Bu jamoa tarbiyalagan futbolchilarning 80dan ortig'i hozirda Evropaning oliy divizionlarida to'p surmoqdalar. Ularning 8 nafari «Ayaks» tarkibida. Ular eng yaxshi maktab nomini oqladilar;
• Etakchi beshlikdan Ukrainaning 2 klubi joy olishdi. Qizig'i shundaki, «Dinamo» va «Shaxtyor» tarbiyalanuvchilar soni bo'yicha etakchilar safidalar;
• Bir o'ylab ko'ring: «Partizan», «Tsrvena Zvezda» va «Voyvodina» birgalikda 173 nafar tarbiyalanuvchini tayyorlab berishgan. Zagrebning «Dinamo»si umuman, top-beshlikda, «Xayduk» ro'yxatning yuqori qismidan joy olishiga tarbiyalanuvchilarning sal ozroq ekanligi (48) xalal berdi;
• Grand klublar ham etarli: «Real», «Barselona», «PSJ» - to'g'ri, qadrdon jamoalar tarkibida tarbiyalanuvchilar soni ko'p emas;
Top-chempionatlar beshligi
• Ma'lum bo'lishicha, Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya va Frantsiya chempionatlariga tarbiyalanuvchilar tayyorlab berishda «Real»ga tenglasha oladigan klub yo'q ekan. Biron bir jamoa top chempionatlarga 40dan ortiq o'yinchi etkazib bera olmagan. Madridliklar esa Xuan Mata, Ashraf Hakimi, Pablo Sarabiya, Alvaro Morata va boshqa ko'plab iqtidorlarni tarbiyalab berishgan;
• Klublar o'rtasida dastlabki 10ta o'rinni Ispaniyaning 3ta, Frantsiyaning 2ta jamoalari egallashdi. Angliyadan «MYu», Italiyadan «Atalanta», Germaniyadan «Bavariya» keyingi o'rinlarni band etishdi;
• Lissabonning «Sporting» klubi etakchi o'nlikdan joy olganligi ajablanarli hol. Axir Portugaliya top-chempionatlar vakili emas. Demak, 24 nafar lissabonlik tarbiyalanuvchilarning birortasi «Sporting»da yoki Portugaliyaning boshqa jamoalarida o'ynamaydi;
Angliya
** Asosiy fakt shuki, kadrlar tayyorlash bobida APLning etakchi oltiligi vakillari oldindalar. Ulardan keyingi o'rin «Sautgempton»ga tegishli;
** Kartinkadan faqat top-ligalar uchun 10 va undan ortiq o'yinchi tayyorlab berganlar joy olishdi. Lekin ro'yxatda «Fulxem» va «Nottingem Forest» (9 nafardan), «Everton», «Charlton» va «Lids» (7 nafardan) ham joy olishgan.
** Etakchi chempionatlar beshligida aynan Angliya ta'minotchilik bobida oxirgi o'rinda bormoqda.
Ispaniya
** «Real» va «Barselona» xususida fikr bildirib o'tdik. Ulardan keyingi o'rinda «Valensiya» bormoqda - «ko'rshapalaklar» inqiroz davrida ham etakchi o'rinni saqlab qoldilar;
** Basklar jamoalari - «Real Sosedad» va «Atletik» asosan o'z tarbiyalanuvchilariga tayanadilar, shu bois, top-ligalar ichida etakchilar.
Italiya
** «Atalanta»ning parvozi tasodifiy emas: jamoa yosh iqtidorlarni savdo uchun tayyorlaydi, har transfer darchasida 25 nafar futbolchini ijaraga beradi. Ularning ayrimlari hatto bergamoliklar safida maydonga tushishga ulgurmasdan, boshqa jamoaga sotib yuboriladi - masalan, Deyan Kulushevski;
** «Roma», «Milan» va «Inter»dagi tarbiyachilik tizimi ham risoladagidek. «Yuventus» esa bu borada maqtana olmaydi. Vaholanki, 2018 yildan beri klub Juventus Next Gen dasturi ustida ishlamoqda. Balki bu tez orada o'z samarasini namoyish etar;
** «Jenoa» «V» seriyasiga tushib ketdi, biroq uning 10 nafar tarbiyalanuvchisi top-chempionatlarda to'p surmoqda. Masalan, Stefan El-Shaaravi va Mattia Perin.
Germaniya
** «Bavariya» nafaqat chempionlik, balki tarbiyalanuvchilar soni bo'yicha ham yaqqol peshqadam. «Xoffenxaym» va «Shtutgart» uning yaqin ta'qibchilari. Darvoqe, Kimmix, Gnabri, Verner va Ryudigerlar «Shtutgart» «fabrikasi mahsulotlari»;
** Taajjubki, 3-Bundesliga vakili bo'lmish «Myunxen-1860» klubi ham etakchilar qatorida. Boz ustiga, uning vakillari taniqli o'yinchilar: Folland, Noyxaus, Vaygl, Marius Volf va boshqalar;
** «Frayburg» va «Maynts» o'z tarbiyalanuvchilariga ishonch bildiradilar, natija esa kuttirib qo'ymayapti.
Frantsiya
** Frantsuz klublari top-ligalar uchun o'yinchi tayyorlashda boshqalardan faolroqlar. Biryo'la 16 klub 10 nafardan ko'proq futbolchilarni top-chempionatlarga jo'natishdi;
** «Lion» - ajoyib jamoa. Yosh iqtidorlarni qunt bilan tarbiyalaydi, keyin ular bilan muvaffaqiyatga erishadi va manfaatli tarzda sotib yuboradi. «Oltin To'p»ning amaldagi sohibi qaysi klub tarbiyalanuvchisi ekanligini eslatish shart bo'lmasa kerak;
** Ta'minotchilik bobida faqat Liga1 vakillari emas, quyi divizion klublari ham faollar. 2010 yildan beri elitaga chiqa olmayotgan «Gavr» futbol olamiga Mahrez, Kante, Pogba, Dimitri Paye va boshqa ko'plab yulduzlarni hadya etgan.
Manba: sports.ru, MUHAMMADSODIQ tayyorladi
13-Dekabr 2022,21:20
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0