«Barselona» klubi hujumchisi Ansu Fati L~Equipe nashriga intervyu berdi.
Unda yosh iqtidor sohibi o'zining shaxsiy va futbol sayohati haqida so'zlab berdi, klub boshidanoq iliq kutib olgani va La Masiyaning qulayliklarini ta'kidlab o'tdi. Shuningdek, u jamoadagi ilk debyuti va jamoadoshlari bilan munosabatlari haqida gapirdi.
Bolalik xotiralari haqida
- Men onam, aka-ukalarim, amakivachchalarim va buvim bilan San-Paulu hududidagi uyda katta bo'lganman. Yaqinda opamning dugonalaridan biriga biz yashagan ko'chamizni tasvirga tushirib, menga yuborishini so'radim va ko'rib u erni umuman tanimadim! Men u erga qaytishni, ziyorat qilishni juda xohlayman.
Futbol o'ynashni boshlagan paytlari haqida
- Uch yoshimda amakivachchalarim bilan ko'cha futbolini o'ynashni boshladim. Gvineya-Bisauda bolalar bu erkinlikka deyarli yurishni boshlashlari bilanoq erishadilar. Odatda yalangoyoq o'ynaymiz. Puli borlar esa plastik sandal kiyishardi. Bizning to'pimiz o'ralgan paypoqlardan yasalgandi va biz davom etardik. Ba'zan plastik to'pdan foydalanardik, lekin u uzoq umr ko'rmasdi, chunki o'tkirroq biror narsaga tegishi bilan tamom...
Oilasi haqida
- 2009 yili onam, ikki ukam va katta opam bilan Ispaniyaga yashash uchun ilk bor parvozimni amalga oshirdim. Men har doim biz uchun pul topish maqsadida Evropaga borishga harakat qilgan otamni qattiq qadrlayman. Bugun bu erda ekanligim aynan uning sharofati bilan.
«Barsa»dagi ilk kunlari haqida
- «La Masiya» ham futbol, ham ta'lim uchun eng yaxshi variant edi. Men 2012 yilda - yangi «La Masiya» ochilgandan so'ng, klub o'zining eng yuqori cho'qqisiga chiqqan paytda keldim. Sharoitlar juda zamonaviy edi. Stol tennisi, bilyard o'ynaladigan o'yin xonasi bor edi ... men ilgari hech qachon ko'rmagan narsalar. «La Masiya»da yashash va bunday ajoyib murabbiylar bilan ishlash ajoyib tajriba bo'ldi. U erdagi ilk murabbiyim Mark Serra menga qaysi klubda o'ynayotganimni va o'yinlarda raqiblarimni hurmat qilishim kerakligini tezda tushuntirdi. U meni ko'proq gol urishga va samaraliroq bo'lishga undadi. Kiyinish xonasiga kirganimda ishonmadim, u erda Luis (Suares), Leo (Messi) va boshqa barcha futbolchilar bor edi. Jamoadagi ilk debyutimni o'tkazgan hafta davomida ko'p uxlolamadim, juda qattiq stressga tushib qoldim. Men bu lahzani ko'p yillar davomida orzu qilardim va hamma narsa juda tez amalga oshdi! «Kamp Nou»da o'ynash va gol urish haqida ko'p marta o'yladim... Sevilyada «Betis»ga qarshi o'yinda debyut qilganimdan so'ng, Leo bizni g'alaba bilan tabriklash uchun kiyinish xonasida kutib turgandi. Ichkariga kirganimda u meni quchoqlaganiga ishonmadim! Men bu ishorani doim eslayman. Vaqt o'tishi bilan ma'lum rekordlarni yangilash sharafi va g'ururini angladim. Bu haqda o'ylamagandim, chunki o'yindan oldin ham, keyin ham oilam u erda edi, men oddiy hayotimni davom ettirdim. Rahbarlar birinchi kundanoq meni katta akalardek iliq kutib olishdi.
Jamoadoshlari haqida
- Jordi Alba bilan ko'p gaplashardik, chunki biz ko'pincha maydonning chap tomonida birga o'ynaganmiz. O'z pozitsiyalarimizni ko'rib chiqdik, men qanday qilib raqibimdan uzoqlashishimni yoki u oldinga chiqqanda uni qanday qoplashimni ko'rib chiqdik. Bir-birimizni yaxshi qo'llardik. Serxio ochiq gapiradi, Pike esa doim hazil qiladi, men ikkalasini ham juda hurmat qilaman. Erik Garsiya bilan ko'p yillar birga o'ynadik. U bu erdagi hayotga va «Barsa»ning o'yiniga moslashishimga yordam bergan insonlardan biri. Yoshligimda ko'p vaqtimni uning uyida o'tkazardim. Men, Pedri, Gavi va boshqalar klubdan tashqarida birga ko'p vaqt o'tkazamiz. Imkoniyatimiz bo'lsa, ovqatlanish uchun chiqamiz.
Manba: fcbarcelona.com, MUHAMMADXON tayyorladi.
31-Dekabr 2022,23:20
O'qildi: 42 - Fikirlar: 0