Braziliyalik afsona - Ronaldinoning o'g'li «Barselona» akademiyasiga kirish sinovida o'z shaxsini yashiribdi. Nega? Juan Mendes de Assisning bunday yo'l tutishi sababi nima? Bu maksimal kamtarlikmi yoki...?Ha, buyuk Ronaldinoning o'g'li «Barselona» akademiyasiga saralash sinovi jarayonida o'zini tanitmaslikni xohlabdi. Binobarin, boshqa yigitlar ham, akadaemiya xodimlar ham u futbol olami tarixidagi eng buyuk afsonalardan birining o'g'li ekanligini bilishmasdi. Globo Esporte nashrida yozilishicha, Juan Mendes de Assis Moreyra mashg'ulotlarda hammani birdek lol qoldirgan, ammo kuzatuvchilar u afsungar Ronaldinoning zurriyoti ekanligini bilishmagan ham. Diqqat, yosh futbolchi o'z shaxsini atayin yashirgan: u kelib chiqishi murabbiylar shtabi qaroriga ta'sir ko'rsatishini istamagan, shunchaki. Ma'lumot uchun, Juan Mendes avvaliga Ronaldinoning yana bir sobiq klubi - «Flamengo» yoshlar tizimida shug'ullandi. Keyin ma'lum muddat «Vasko da Gama» futzal jamoasida o'ynadi va shundan so'ng Braziliya grandlaridan biri - «Kruzeyro» bilan 6 yillik shartnoma tuzdi. Biroq 4 mavsumdan keyin jamoa bilan xayrlashgan kichik Ronni deyarli 1 yil klubsiz qoldi va yaqinda o'z salohiyatini «Barselona»da sinab ko'rishga qaror qildi. To'g'ri, hozircha uning Kataloniya jamoasi akademiyasida qolish-qolmasligi aniq emas garchi murabbiylar shtabini chinakamiga hayratda qoldirgan bo'lsada.
16-Fevral 2023,23:30