La Liganing ba'zi klublari “Barselona”ning sobiq hakam bilan bog'liq mojarosiga o'z pozitsiyasini bildirmoqda.Avvalroq kataloniyaliklar 2016 yildan 2018 yilga qadar RFEF texnik hakamlar qo'mitasi sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraga 1,4 million evro o'tkazgani xabar qilingandi. Klub bu bo'yicha bayonot bergan va Futbol federatsiyasi amaldoriga yosh futbolchilar va hakamlar haqidagi hisobotlari uchun to'lov amalga oshirilganini ta'kidlagandi. Shundan so'ng “Barselona” 2003 yildan beri Negreyraga 4,7 million evro to'lagani aniqlandi.“Espanol” “Negreyra ishi” deb atalayotgan voqea yuzasidan turli OAVda chop etilgan ma'lumotlardan xavotirda.“Hali tergov qilinayotgan bo'lsa-da, bizning raqobatimiz, uni tashkil etuvchi klublar va shu bilan aloqador organlar uchun yuzaga kelishi mumkin bo'lgan oqibatlar shunchalik og'ir bo'lishi mumkinki, bu bo'yicha favqulodda choralar talab etiladi. “Espanol” har doim qonun va belgilangan tartib-qoidalarga qat'iy rioya etish tarafdori bo'lib kelgan va shu sababdan vakolatli organlar hamda muassasalarni ushbu masalani tezkorlik bilan, namunali tarzda hal qilishga chaqiramiz, bu esa futbolimiz obro'sini jahon miqyosida shubha ostiga qo'yadigan holatga mos keladi. Oxirgi paytlarda klubimizga boshqa xarakterdagi qaror ta'sir ko'rsatdi, bu esa, fikrimizcha, bevosita klubga etkazilgan zarardan tashqari musobaqamizning normal ishlashiga ham xavf tug'diradi. O'sha paytdagidek, muxlislar talab qilgan va munosib hurmat-ehtiromdan kelib chiqib, klub va tashkilotlarni futbolning yaxshi faoliyat yuritishi va nomini himoya qilish yo'lida chora ko'rishga chaqiramiz”, — deyiladi kataloniyaliklar bayonotida. “Espanol” ushbu bayonotida 3 ta o'yinga diskvalifikatsiya qilingan “Barselona” hujumchisi Robert Levandovskining derbida ishtiroki bilan bog'liq vaziyatni nazarda tutgan. Relevo nashrining xabariga ko'ra, “Atletiko” ham La Liganing barcha jamoalaridan norozilik va qoralovchi qo'shma bayonot berishini xohlamoqda. Bunday taklif Ispaniya futbolining birinchi va ikkinchi divizionlari vakillari ishtirokidagi yig'ilishda ilgari surilgan. Ikki klub bunga qarshi chiqqan — biri bu tashabbusni qo'llab-quvvatlash mantiqsiz deb hisoblagan “Barselona” bo'lsa, ikkinchisi vaziyatni tahlil qilish zarurligini ta'kidlagan “Real”. Qolgan klublar “Atletiko”ning taklifiga rozi bo'lgan, biroq yakunda qo'shma bayonot berilmagan.
21-Fevral 2023,17:10
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0