Evropa ligasi 1/16 final bosqichidan o'rin olgan "Manchester Yunayted" va "Barselona" jamoalari o'rtasidagi o'yinning birinchi bo'limidan so'ng mankunianliklar hisobda ortda qolishayotgandi. Biroq ular ikkinchi bo'limda g'alabani o'z tomonlariga og'dirishdi. Xo'sh, "MYu" ustozi Erik ten Xag nimani o'zgartirdi?1) Kunde-Arauxo - Reshford intrigasi hammani joniga tekkan paytda, barchasi narigi qanotda hal bo'layotgandi - Balde bir o'zi birinchi taymni yutdi. Antonining chiqishi esa, himoyachining qo'lini bog'ladi. Natijada «Barselona» 1-taymdagi asosiy hujum yo'nalishidan ayrildi.2) «MYu» birinchi taymda taklif qilgan haddan tashqari akademik futbol aksincha, Buskets, De Yong, Roberto kabi futbolchilarning fazilatlarini ochadi. Bunday o'yinda hatto qoida buzilishlari ham yaqqol ko'rinadi: Brunuga salom.Ten Xag 2-taymni xaosga aylantirdi - bu sharoitda, ya'ni to'p u jamoadan bunisiga juda tez o'tganda, Fred ham, Brunu ham karrasiga foydali futbolchilardir. Buning ustiga «o'z maydon» omili ham foydaliroq kuchga aylanadi. Agar Gavi va Pedri bo'lganida, balkim «Barselona» bu shartlarda ham ancha kuchliroq ko'ringan bo'lardi, nazarimda.Shu ikki faktor burilish yasash uchun etarli bo'ldi va Xavi qarshi plan o'ylab topishga ulgurmadi.Umuman, ikki o'yindan xulosa qilganda esa, albatta, «MYu»ning ustunligini ta'kidlash lozim - «Barselona» darvozasiga 4 gol katta natija, zero, Xavi shogirdlari raqiblari shuncha golni oxirgi 11 o'yinda urishgandi.Bu to'qnashuv EL mi yoki EChLga xosmi? Menimcha, «Kamp Nou»dagi o'yin ko'proq Evropa Ligasi edi: jamoalar bu turnirga biroz panja ortidan qarashi ayb emas, biroz ochiq va bosimsiz bahs ko'rgandik. Javob o'yini esa, EChL o'yiniga aylandi. Sababi, endi bu juftlik atrofidagi gap-so'zlar, murabbiylarning katta o'yinni yutishga ehtiyoji (Ten Xag yangi jamoasi uchun zarur, Xavi ham Evropada katta raqiblarni yuta olmaslik seriyasi cho'zilib ketdi) ta'sir qildi. Gap Evropa Ligasining keyingi bosqichi bahosida emas, aynan mana shu raqibdan o'tish hayot-mamot masalasiga aylandi. Muxlislarga ham, keyingi rivojlanish bosqichi uchun ham. Har ikki jamoaga rahmat.Qahramon Aslanov.
24-Fevral 2023,09:10
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0