“Barselona” La ligada o'zining 27-chempionligini nishonladi. Bundan to'rt-besh yil muqaddam "Barselona" deya atalmish klub uchun bu sovrin bugungidek qadrli emasdi. Mana, jamoada bir necha yillar davomida olib borilgan tozalash tadbirlari va avlodlar almashinuvi o'z samarasini bera boshladi. Ha, faqatgina La liga sovrini xolosmi, dersiz, lekin bu chempionlikning qadri oliydir... sababi bugungi “Barselona” shaxslarga emas, jamoaviy o'yinga qurilgan bo'lib, kamiga Messisiz chempionlikka erishdi. Barcha g'alabalar zamirida Xavining qo'li bor, albatta, to'g'ri tizim tanlay bildi, Seten, Kuman davrida olib kelingan mitti yulduzchalar Xavi davrida quyoshday porlab ketishdi. “Barsa” bilan xayrlashgan Pike o'rniga undan ham ko'ra zalvorliroq ko'ringan Ronald Arauxo himoyada ishonchni oqlamoqda. Inesta va Xavi davomchisi bo'lmish Pedri, Gavi keldi. Hujumda esa Rafinya va Dembela o'z pozitsiyalarida mavsumning ikki qismida asosiy ishni bajarib berishdi. Leva xohlagan klubda to'purar bo'lishga qodirligini bilamiz. Birgina “Messi davomchisi” deb aytilgan Ansu Fatiga stabillik, ruhiy barqarorlik kamdek tuyulmoqda. Shunday bo'lsa-da, “ko'k-anorranglilar” chempion bo'lishgani ahamiyatga molik holatdir. Agarda Xavi tuzgan tizim ila ishlar olib borilsa, oldingi qudratini tiklashga shaxsan menda shubha yo'q, misol uchun "Arsenal" haqida ham shunday fikr bildirsa bo'ladi, garchand ular Premer ligada peshqadamlikni o'z qo'llari bilan Sitiga berishgan bo'lsa-da…Ushbu jamoalarning o'yinida tizim bor, aniq maqsad va rejalar bor. Ushbu rejalarni amalga oshirishda bevosita rol o'ynovchi o'yinchilar shakllantirilsa bo'ldi. Men ko'rib turgan bugungi "Barsa"ga Messi keraksizdek tuyulmoqda. Ha, Messi klubdan-da katta figura, lekin yuqorida aytganimdek, jamoa shaxslar orqali emas, tizim orqali qurilishi muhim hozir.Gvardiolaga yaqin futbol infratuzilmasini hozirda uning shogirdlari Xavi va Arteta shakllantirayotgandek tuyulyapti.Xayrulla Hamidov.
16-May 2023,10:10