Oriol Romeu - «La Masiya»da 7 yil tahsil olgan, ammo bir urinishda «Barselona» asosiy tarkibiga o'rnasholmagan yarim himoyachi.
30 yoshli futbolchi 2015 yildan buyon «Chelsi», «Valensiya», «Shtutgart» va «Sautgempton» klublari libosida ko'rinish berdi. Romeu joriy yoz «Mening hayotim mavsumi, futbolchining ichki sayohati» nomli avtobiografik asarini nashrdan chiqardi. Yangi mavsum oldidan Kataloniya klubiga qaytgan ispaniyalik futbolchi shu bahona jurnalistlar bilan alohida muloqot uyushtirishga qaror qildi.
- Oriol, futbol olamining zaif tomonlarini ko'rsatish odatiy hol emas. Kitobingizda o'z shaxsiyatingizni to'liq ochib berishda qiynalmadingizmi?
- Yo'q, o'zim uchun tanish manzaralar haqida yozdim. Shaxsiy fikrimcha, avtobiografiya yozishda qandaydir shubha-gumonlar emas, balki faqat real voqeliklarni bayon etish kerak. Futbolda shunday o'yinlar bo'ladiki, siz juda jo'n harakatlanasiz yoki biror yangicha uslubni sinab ko'rishda qiynalasiz. Deylik, raqib sizga nisbatan bosim darajasini oshirsa, o'z-o'zidan tavakkal ish tutishdan cho'chiysiz, kreativlikdan tiyilasiz. Biroq butun harakatlar zanjirining muayyan qolipga tushib qolishi yoqimsiz yakunga olib kelishi hech gap emas.
- Kitobingizdan kichik iqtibos keltiramiz: «Futbolchida ishonch hissi pasaygan pallada u o'zini kuchli his qilish uchun ma'lum o'yin vaziyatini qidiradi». Shunga alohida izoh bersangiz...
- O'z tajribamdan aytsam, jismoniy holat va salohiyatim menga kamdan-kam holatlarda pand berdi. Bordiyu, o'yindan chetga chiqib qolganimni sezsam, darhol to'pni raqibdan olib qo'yish yoki ikkinchi qavatdagi duellarga kirishish asnosida o'z salohiyatimga nisbatan ishonchni qaytarishga urinaman. Deylik, kichik yakkakurashlardagi ustunlik ham futbolchiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Agar mini-duellarda qayta-qayta g'alaba qozonsangiz, o'z-o'zidan ruhiyatingiz ko'tariladi va yangi chorlovlarga tayyor bo'lganingizga ishonch hosil qilasiz.
- Basketbolchi Riki Rubio o'yin davomida vaziyatlardan foydalanish masalasida muammolarga duch kelgach, Raul Lopes bilan birga hujumga to'g'ri nuqta qo'yish emas, balki vaziyat yaratish ustida qattiq ishlagan ekan...
- Ha, odatda tennischilar ham bu haqda ko'p gapirishadi. Oddiy misol, adashmasam, Rafa Nadal raqibning eng murakkab zarbasiga reaktsiya bildirmasligini aytgandi, hattoki, hal qiluvchi daqiqalarda ham. Chunki bunday zarbani olish ehtimoli juda past. Bunga behuda urinishdan ko'ra, raqibga bosim o'tkazish uchun aniq, ishonchli va mexanizatsiyalashgan harakatlarga e'tibor qaratish ma'qul. Demoqchimanki, sportchi o'zining eng kuchli tomonlaridan maksimal darajada foydalanish yo'lida ba'zi keskin daqiqalarni o'tkazib yuborishi mumkin. Futbolda ham xuddi shunday. Axir 90 daqiqa davomida tinmay intensiv harakatlanishning iloji yo'q.
- Yana ishonch hissi haqida. Qiziq, «Barselona»ning asosiy jamoasi safidagi birinchi mashg'ulotni qanday eslaysiz?
- Ochig'i, to'p nazoratiga qaratilgan mashqlar to'plami bajarilgan pallada unga 1-2 marta zo'rg'a teginganim yodimda. O'shanda o'zimcha hayratlanganim ham esimda: «O-o, bu tamoman boshqa daraja-ku!» Ayniqsa, futbolchilarning biror uzatmada xatoga yo'l qo'yishmaganidan chinakamiga hayratlangan edim. Hammasi aniq-tiniq va doimiy tajovuzkor bosim... Bunday holatda yangi futbolchining chetga chiqib qolishi ehtimoli katta. Mashg'ulotdan so'ng Xavi oldiga borib, hayratimni yashirmadim: «Mana, bugun seni bevosita amalda ko'rdim. Fantastika...». Eng taajjublantirgan tomoni, u xotirjam va beparvogina kulimsirab, javob berdi: «To'g'risi, bugun o'zim istagan darajada yaxshi harakatlanolmadim». Shunda beixtiyor o'yladim: «O, agar Xavi o'z darajasida yaxshi ishlaganida, men nima qilardim?»
- Umuman, qaysi futbolchining harakatidan ochiqchasiga yoqa ushlagansiz?
- Messining to'p bilan ishlash bobida hammadan bir bosh ustun ekanligi yaqqol ko'zga tashlangan edi. Deylik, u deyarli tezlik olmay turib, 3-4 nafar futbolchidan engilgina o'tib ketar, eng zich himoyani ham tarqangancha osongina gol urardi. Umuman, o'sha payt «Barsa» yarim himoyasi Xavidan tashqari, Inesta va Buskets bor edi, mudofaada esa Alvesh, Pike va Puyol. Bunday iste'dodli yigitlar bir joyga to'planishganida, bir-birlarini qo'shimcha oziqlantiradilar...
- «Barsa»dan keyin «Chelsi»da bo'ldingiz. Drogba va Terri kabi katta yulduzlar bilan bitta kiyinish xonasida bo'lish qanday xotiralar qoldirdi?
- Har ikkisini buyuk va etuk etakchi, asosiysi, o'ta mehnatsevar futbolchi sifatida eslab qolganman. Lekin «Chelsi» kiyinish xonasida boshqa yulduzlar ham o'z so'zlariga ega edilar - Chex, Lempard, Koul, Ivanovich, Torres... Qaytaraman, 1ta jamoada ko'plab muhim ijrochilarning to'planishlari - kundalik master-saboq.
- Londondan ijara kelishuvi asosida «Valensiya»ga o'tdingiz. Bir qarashda, o'z joyingizni topishda nisbatan ko'proq vaqt sarfladingiz...
- «Valensiya»da «Chelsi» futbolchisi sifatida o'ynadim va ma'lum maqomga yarasha munosib amaliyot olishim shart edi. Hattoki, o'zimni «Barsa»dan o'tgan ba'zi sobiq klubdoshlarim bilan taqqosladim va nima bo'lishidan qat'iy nazar, etarlicha o'ynash haqida o'yladim. Biroq oxir-oqibat, murabbiy nima uchun boshqacha fikrda ekanligini tushunolmaysiz. Naq 3 oy davomida o'ynamaganimdan keyingina xulosa chiqardim: «Ehtimol, o'zim o'ylaganchalik kuchli emasdirman...». To'g'risi, «Valensiya»ga boshimda turli bema'ni xayollar bilan kelgandim.
- Dolce&Gabbana liboslarini sotib olganingizda, Mata sizga yana bir hayotiy saboq bergandi...
- O'sha payt Dolce&Gabbana «Chelsi»ga homiylik qilardi va biz - futbolchilar ba'zi chegirmalarga ega edik. Ko'plab yigitlar shu brendni tanlashganidan kelib chiqib, o'ylab qoldim: «Yaxshi, «Chelsi»ning asosiy futbolchilari xarid qilishyaptimi, demak, men ham qatordan qolmasligim kerak». Do'kondan qaytganimda esa Mataga duch keldim: «Nega? Buni hech qachon kiymagansan, sen uchun emas, sening uslubing boshqa...». Biroz o'ylab ko'rgach, uning haq ekanligini tushundim. Umuman, Dolce&Gabbana liboslarini kiyganimda o'zimni noqulay his qildim va ulardan voz kechganman. Turmush o'rtog'imga rahmat, hammasini boshqa odamlarga tarqatgandi.
- Kitobingizda «Ijtimoiy tarmoqlarni jin ursin!» nomli bob bor...
- Hayotda internetdan uncha ko'p foydalanmayman. O'yindan keyin fotosuratlarni joylashtirish, ularni kimdir bilan baham ko'rish... Siz ijtimoiy tarmoqlarda yolg'on sotasiz. Qisqasi, shu yolg'on domiga tushishni istamayman.
- Qaysi klubdosh bilan vaqtni chog' o'tkazardingiz? Aksincha, qaysi raqibni ko'rarga ko'zingiz yo'q?
- «Sautgempton»da Jeyms Uord-Prouz, «Valensiya»da esa Parexo bilan yaxshi chiqishardik. Eng yoqimsiz raqib? Bu - David Silva! Chunki u sizni juda qiyin vaziyatlarga solib qo'yadigan aqlli futbolchi. Yo'q, David kuchli yoki tezkor emas, lekin shunday o'yinchilardan ancha xavfli.
- Futbolda eng yoqimsiz holat nima?
- Sizdan o'z manfaati yo'lida foydalanmoqchi bo'lgan odamni uchratganingizda, o'zingizni qo'yarga joy topolmaysiz. Qisqasi, futbol ichida ko'plab parazitlar ham bor. Bu nafaqat investitsiya masalasi, balki do'stona va romantik munosabatlarda ham seziladi...
MUHAMMADXON tayyorladi
8-Avgust 2023,21:00
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0