Robert Levandovskiy bugun 35ga kirdi. «Barselona» hujumchisining oxirgi payt ko'rsatayotgan o'yini haqida Marca nashri xavotirlanib yozdi: “Robertda har tomonlama pastlash!”Ha, ikki o'yinda bu gaplar rostligini ko'rdik. Polshalik goleador oddiy vaziyatlarda ham oqsamoqda, ortga ko'p qaytmoqda va raqib uchun deyarli xavf tug'dirmay qo'ydi.Bunga bir necha sabablar bor:1. Xavi jamoasining asosini yoshlar tashkil etadi. Raqobat avjida. 2003 yilda tug'ilgan futbolchi 16 yoshlik ukasining oldida o'ta tajribali figura. Markazdagi Pedri-Gavi juftligi jamoa tizimini belgilab beradi. Leva bularning oldida “qariya”, “otaxon”... Unga hujum chizig'ida rosmana raqobatchi ham yo'q. Futbolchida bunaqa payt motivatsiya bir yoqlarga qochib ketadi. 2. Xavi jamoasi uch yilning ichida uchinchi marta qayta tuzilyapti. Taktik yondoshuvlar boshida kelgan davridan o'zgarib ketdi. Ikkinchi mavsumni o'tkazayotgan hujumchiga bu jihat ham ta'sir o'tkazadi.3. “Barselona” – yarim himoyachilar ortig'i bilan to'planib qolgan jamoa. Yarim himoyada xavbeklarning keragidan oshib ketgani etmaganidek, markaziy himoyaga ham yarim himoyachi qo'yilyapti. Mark Andre ham tabiatan “yarim himoyachiroq” posbon. Xavi futbolchilik payti o'ynagan pozitsiyasiga o'ta qattiq e'tibor qaratganidan “Barsa”ning o'yin uslubi eski Ispaniya termasiga monand bo'lib qoldi. Robert ham bu jamoada o'zgarishim kerak deb kechagi o'yinda o'z o'rnidan ko'ra ortda ko'p harakat qildi, “yarimhimoyalashdi”. Unga havodan to'p uzatilyapti, o'zi esa o'nlik o'ynaydigan joyda yuribdi. Qiziq ko'rindi.4. La liga jamoalarining “Barsa”ga qarshi o'yin uslubi. Levandvskiy “Bavariya”dagi monstrlik paytlari birinchidan, yosh edi, ikkinchidan, bundesliga jamoalari liderlarga qarshi ham himoyaviy avtobus qo'yib o'ynamaydi. Hujumchi uchun esa bu ayni muddao. La ligada kataloniyaliklar 70 foiz ikki qavat himoyalanadigan klublarga qarshi o'ynaydi. Ligalar o'rtasidagi tafovut ham polyakning o'yin uslubiga salbiy ta'sir o'tkazmoqda. Bo'libam, u har yili bir yoshga qariyapti.Bundan boshqa mayda detallar ham borki, Levandovskiyning ba'zi sifatlarini yo'qqa chiqarmoqda. Shunday bo'lsa-da, biz unga omad tilab qolamiz. Saudiyaga yo'l olmagan sanoqli megayulduzlar qatorida ekani va Chempionlar Ligasidagi motivatsiyasining hisobiga hujumchidan eski davrlardagi effektini kutib qolamiz.Xayrulla Hamidov.
21-Avgust 2023,17:50