Bir necha kundan keyin Chempionlar ligasining guruh bosqichi boshlanadi. Quyida gigantlar orasidan qaysi biri Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga aniq yo'l olishi haqida taxmin qilamiz.
«Bavariya» va «Manchester Yunayted»
«A» guruhiga ikkita yirik gigant – «Bavariya» va «Manchester Yunayted» kirdi. Bizni klassik to'qnashuv kutmoqda. «Qizil iblislar» mavsumni biroz noaniq tempda boshladi va umuman o'n yil davomida qayta qurish maqomida bo'lib keldi, muxlislar faqat kamtarona muvaffaqiyatlar, yorqin kelajakka umid va xotiralar bilan yashadi.
«Manchester Yunayted» qur'a paytida «Bavariya» bilan to'rtlikdan joy olganida, uchinchi raqamdan kimlar bu guruhga tushishi juda qiziq bo'ldi. Albatta, ko'pchilik «Milan»ning uchinchi bo'lishini xohlardi - bu klassik guruhga aylanardi. Biroq umidlar tezda puchga chiqdi – «Milan» o'rniga «Galatasaroy» va «Kopengagen» «Bavariya» va «Manchester Yunayted»ga raqib bo'ldi.
«Bavariya» «A» guruhidan muammosiz chiqishi kerak, hattoki hozirda Tomas Tuxel jamoasi juda kuchli ko'rinmasligini hisobga olsak ham. «Manchester Yunayted» ham katta ehtimol bilan pley-offga chiqadi. «Galatasaroy» va «Kopengagen» hozirgi holatida «qizil iblislar»ning asablarini chil-chil qilishlari mumkin, ammo bu jamoalardan biri guruhni kuchli ikkilikda yakunlanishiga ishonish qiyin, chunki klass etarli emas.
«Real»
«Real Madrid» - Chempionlar ligasining haqiqiy qiroli. 2005 yildan 2010 yilgacha madridliklar ketma-ket olti mavsum Evropaning eng kuchli klub turnirining 1/8 finalidan nariga o'ta olmagan. Biroq keyingi 13 mavsumning 11 tasida madridliklar kamida yarim finalga qadar etib borganini unutmaslik kerak, beshta holatda esa ular «shalpangquloq kubok»ni qo'lga kiritgan. Umuman olganda, «Real» evrokuboklarni 14 marta qo'lga kiritdi - bu turnirdagi g'alabalar bo'yicha ikkinchi o'rinda turgan «Milan»dan ikki barobar ko'p degani.
UEFAning asosiy turniridagi guruh bosqich formati 1991/1992 yilgi mavsumda paydo bo'lgan - bu esa Evropa chempionlar kubogi deb atalgan oxirgi yil edi. 90 yillarda «Real» Chempionlar Ligasining bir qancha mavsumlarini o'tkazib yubordi. Biroq «Real Madrid» Chempionlar Ligasi guruhidan chiqa olmagan damlarni eslash deyarli imkonsiz.
«Real Madrid» bu mavsumda birinchi marta guruhdan chiqa olmaydi, deb aytishga asos yo'q. Karlo Anchelotti shogirdlari yangi mavsumni yaxshi boshladi va Chempionlar ligasida o'z saviyasini ko'rsatishga hozirlik ko'rmoqda. «Qaymoqranglilar» «Napoli», «Braga» va Berlinning «Union»lari bilan to'rtlikda jiddiy muammolarga duch kelishlari dargumon.
«Manchester Siti»
«Manchester Siti» uzoq vaqtdan beri Chempionlar ligasida g'alaba qozonishi kutilgan edi, rahbariyat jamoaga sarmoya kiritgan mablag'ni hisobga olsak, bu ajablanarli emas. O'tgan mavsumda «shaharliklar» nihoyat o'zlari xohlagan narsaga erishdilar. Evropaning eng nufuzli turniri finalida Pep Gvardiola shogirdlari Rodrining goli evaziga «Inter»ni qiyinchilik bilan mag'lub etishdi. Shunday kunlardan birida «Manchester Siti» sovrinni himoya qilishni boshlaydi.
«Manchester Siti» ketma-ket ikkinchi yil Chempionlar ligasida g'alaba qozonishga qodirmi yoki yo'qmi, hozircha aytish qiyin. Ammo Xosep Gvardiola shogirdlari pley-offga xotirjam yo'l olishi kerak. «Shaharliklar»ning kvartetdagi raqiblari «RB Leyptsig», «Crvena Zvezda» va «Yang Boyz» bo'ladi. «Manchester Siti» bu guruhda muddatidan oldin ham birinchi o'rinni egallaydi degan fikr bor.
Xavi boshchiligida «Barselona» biroz oldinga siljib bo'ldi. O'tgan mavsumda kataloniyaliklar so'nggi to'rt yil ichida ilk bor Ispaniya chempioniga aylanishdi. Chempionlar ligasiga kelsak, 2022/2023 yilgi mavsumda «ko'k-anorranglilar» «Bavariya» va «Inter»ga imkoniyatni boy berib, guruhdan chiqmadi. Bir yil avval ham jamoa Chempionlar ligasida guruh bosqichida o'z ishtirokini yakunlagan edi – o'shanda kataloniyaliklar «Bavariya» va «Benfika»dan orqada qolib ketgan.
Ikki yillik tanaffusdan so'ng «Barselona» Chempionlar ligasining pley-off bosqichiga qaytishi kerak. Birinchidan, aytganimizdek, Xavi jamoasi yaxshilandi. Ikkinchidan, kataloniyaliklar nisbatan oddiy guruhga tushib qolishdi. «Barselona»ning raqiblari kuchli «Portu», muammoli «Shaxtyor» va musobaqada debyut qilgan «Antverpen» bo'ladi. Agar «ko'k-anorranglilar» bu kvartetdan chiqmasa, bu haqiqiy muvaffaqiyatsizlik deganidir.
17-Sentyabr 2023,12:50