Kataloniyaliklarning ta'kidlashicha, Joan Laporta "Barselona"ning Chempionlar ligasi o'yini uchun qaydnomani o'zgartirgan.
Bugun "Barselona" Chempionlar ligasi guruh bosqichining so'nggi turida "Antverpen" bilan to'qnash keladi va turnirning pley-off bosqichiga yo'llanmani kafolatlagan.
Xavi dastlab maydonda ko'p daqiqalarni o'tkazgan Robert Levandovski, Ilkay Gyundogan va Ronald Arauxoga dam berishni rejalashtirgandi. Biroq bu futbolchilar Xavining rejalariga qaramay Belgiyaga ketishdi.
RAC1 nashrining xabariga ko'ra, bunga Laporta Xavidan ushbu futbolchilarni tarkibga kiritishni so'ragani sabab bo'lgan. Manbaga ko'ra, "Barselona" prezidenti "Jirona"dan uchralgan alamli mag'lubiyatdan so'ng (2:4) jamoaning uch nafar etakchisi dam olishini istamagan. Qolaversa, "Antverpen"ga qarshi bahsda g'alaba qozonsa, kataloniyaliklar 2,8 million evro mukofot puliga ega bo'lishadi.
E'tiborli tomoni, matbuot anjumanida Xavi Levandovski, Gyundogan va Arauxoning tarkibga kiritilishini "Barselona" o'yindan keyin Belgiyada tunashi, murabbiylar shtabi esa bu futbolchilarning raqobat ritmini yo'qotishini istamagani bilan izohladi.
13-Dekabr 2023,19:30