Ko'pchilik ekspertlar fikricha, «Arsenal», «Barselona» va «Chelsi» klublari hujum chizig'ini kuchaytirishlari lozim.Qizig'i shundaki, Per-Emerik Obameyang bu jamoalarning barchasida to'p surgan va ular keyinchalik futbolchi xizmatidan voz kechishgan. Qaerdadir bunga hujumchining o'zi sababchi bo'lgan, boshqa holatlarda ko'p jihatlar unga bog'liq bo'lmagan.34 yoshli gabonlik hujumchi hozir «Marsel» tarkibida maydonga tushgan holda o'z faoliyatini tiklash barobarida bir necha yildan beri eshitayotgan tanqidlarga barham berishga intilmoqda.Per-Emerik - anchayin murakkab tabiatli yigit. Dortmundning «Borussiya»si turli janjallar tufayli uni bir necha marta tarkibdan chetlatgandi. Oxir-oqibat, futbolchi norozi kayfiyatda jamoani tark etgan, «Borussiya» esa uning evaziga 64 million evro ishlab olgandi. Ya'ni, shuncha mablag' evaziga «Arsenal» safiga o'tgandi. Obameyang Londondagi dastlabki 2 mavsumni sermahsul o'tkazib, APL doirasida 44ta gol urdi. Biroq keyinchalik u «to'pchilar» bosh murabbiyi Mikel Arteta bilan kelisha olmay, ketishga majbur bo'ldi.Shu sababli hujumchi «Barselona» tarkibidan joy oldi. Kataloniya grandi safida atigi yarim mavsum to'p surgan bo'lsada, Per-Emerik La Liga doirasidagi 17 uchrashuvda raqiblari darvozasini 11 marta ishg'ol etishga ulgurdi. Lekin tez orada vaziyat qurboniga aylanib, «qisqartirish» ro'yxatiga tushdi. Chunki kataloniyaliklar yangi futbolchilarni xarid qilish maqsadida undan voz kechishga qaror qilishgandi.«Barselona»dan Londonga qaytgan futbolchi endi Tomas Tuxelning «Chelsi»siga o'tdi. Aksiga olib, bir necha kundan keyin germaniyalik mutaxassisni iste'foga chiqarishdi, uning o'rniga kelgan Grem Potter esa Obameyangga ishonch bildirmadi. Natijada gabonlik futbolchi o'tgan mavsumda deyarli ishsiz qoldi, APL doirasidagi 15ta o'yinda bor-yo'g'i bitta gol urdi. Boisi, o'sha uchrashuvlarda murabbiy uni o'rtacha 36 daqiqadan maydonga tushirgandi. Bundan tashqari, Potter Obameyangni EChLning pley-off bosqichida ham maydonga tushirmadi. Futbolchi uchun bu o'ta kuchli zarba bo'ldi. Chunki, Potterdan keyin kelgan murabbiylar davrida ham vaziyat o'zgarmadi. Yakunda Per-Emerik mavsumning yakuniy 5ta turida hatto ro'yxatdan ham chetda qoldi. Vaholanki, «ko'klar» u uchun 12 mln. evrodan voz kechishgandi.Obameyangning yoshi, o'sha paytdagi obro'-e'tibori va omadsiz mavsumini inobatga olganda, keyingi faoliyati oldindan ma'lum edi. Saudiya klublari unga nisbatan nomdorroq futbolchilarni xarid qilishga ulgurishgandi. Evropadagi muammolardan qat'iy nazar, gabonlik afsona Osiyoda yulduz maqomida to'p surishi mumkin edi. Biroq futbolchining o'zi bu variantni ma'qul ko'rmadi. U yuksak saviyani namoyish etib, uni barvaqt nafaqaga chiqarmoqchi bo'lishganini isbotlash niyatida edi. Biroq klub tanlashda mantiqqa zid variant bo'lgan «Marsel»ni tanladi. Tez orada top-ligalar beshligidagi beburd jamoalardan biri faoliyatini tiklashga intilayotgan hujumchi uchun mos emasligi ayon bo'ldi. Ayniqsa, Per-Emerik o'ziga xos tabiat sohibi ekanligini inobatga olganda.Obameyangning «Marsel»dagi ishtiroki risoladagidek boshlandi. «Panatinaikos»ga qarshi EChL saralash bosqichidagi bellashuvda u dublga erishdi, Liga1 doirasidagi «Mets»ga qarshi o'yinda samarali uzatma muallifi bo'ldi, EL guruh bosqichining 1-turida «Ayaks» darvozasini 2 marta ishg'ol etdi. lekin ayni o'sha kunlarda klubda turli tartibsizliklar yuz bera boshladi. Jumladan, muxlislar jamoa bosh murabbiyi Marselinoni haydab yuborishdi, rahbariyatni esa do'q-po'pisalar bilan qo'rqitishdi. Natijada jamoa murabbiysiz qoldi, yana ozgina bosim bo'lganida, prezident ham ketgan bo'lardi. Qisqasi, mavsum startida «Marsel» halokat xavfi ostida qolgandi. Biroq vaqt o'tishi bilan keskinlik bir oz pasaydi.Barcha jamoadoshlari qatorida Obameyang ham «Velodrom» muxlislarining mehmondo'stligiga guvoh bo'ldi. Muxlislar raqib jamoa vakillarini ham, o'z futbolchilarini ham kuchli hushtakbozlik bilan kutib olishardi. Ikki marta 4tadan samarasiz uchrashuvlar seriyasidan keyin hujumchi ham ta'na-tazyiqlardan benasib qolmadi. Qo'shimchasiga, klub afsonalari ham gabonlik hujumchini ayab o'tirishmadi, noshud va dangasa qariya sifatida tanqid qilishdi. Yakunda murabbiylar shtabi jamoani tark etdi, rahbariyat har qanday yomonlikdan qaytmaydigan muxlislar bilan muzokaraga kirishdi.Provansallar shunchalik xatarli vaziyatda jamoani faqat aqldan ozgan (yaxshi ma'noda) murabbiy boshqara oladi, degan qarorga kelishdi va Jennaro Gattuzoni taklif etishdi. Chunki futbolchilik davridagi qiziqqonligini yo'qotmagan Rino inqirozli «Milan»ni tiklagan, «Napoli», «Valensiya»dek klublarning nozikta'b rahbarlari bilan til topisha olgandi. Italiyalik mutaxassis hech qachon oson yo'lni qidirmaydiganlar toifasidan ekanligini cho'kib borayotgan «ko'rshapalaklar»ni qutqara olgani tasdiqlaydi. Demak, «Marsel»ni ham faqat u jilovlashi mumkin.Klub prezidenti va Gattuzo tomonidan bildirilgan ishonchdan ruhlangan Obameyang o'zini yanada tetik his eta boshladi va noyabr oxiridagi bellashuvda «Ayaks» darvozasini 3 marta ishg'ol etdi. Shundan beri u o'yin sur'atini tobora oshirib bormoqda, maydonni gol yoki assistsiz tark etmayapti. Hozirda uning hisobida 5ta gol va 7ta samarali uzatma bor. «Marsel» esa qatorasiga 4ta uchrashuvni g'alaba bilan yakunladi. Bundan tashqari, Per-Emerik ELda 5ta va EChLning saralash bosqichida 2ta golni rasmiylashtirdi. Shu tariqa uning barcha musobaqalardagi gollari 12taga etdi. Sermahsullik bobida u Robert Levandovski (10), Nikolas Jekson (8) va Gabriel Jezus (7)lardan o'zib ketdi. Bu futbolchilar hozir gabonlik kasbdoshlari o'ynagan jamoalarda to'p surishmoqda. Bu bilan Obameyangning sobiq jamoalari uni qo'yib yuborish bilan jiddiy xatoga yo'l qo'yishdi, degan fikrdan yiroqmiz. Lekin u bilan to'g'ri munosabatda bo'lganlarida, nisbatan ko'proq manfaatga erishgan bo'lar edilar.Jennaro Gattuzo esa qo'rs, o'jar tabiatli o'yinchilar bilan ishlash ilmini puxta egallagani bois, yaxshi natijalarga erishmoqda. Endi Obameyang chindan ham «Velodrom»da o'z faoliyatini qaytadan tiklayotgan o'yinchiga aylandi.MUHAMMADSODIQ tayyorladi
30-Yanvar 2024,00:00