"Bavariya", "Manchester Siti", "Liverpul" va "PSJ" kabi klublar 2023/24 yilgi mavsumda eng ko'p ochkoga ega jamoalar sirasiga kirmaydi. Kuchli beshlik chempionatlarida kutilmagan jamoalar etakchilar qatoriga qo'shilgani, barchani qoyil qoldirmoqda. Mavsum oxiriga qadar bu tendensiya saqlanib qoladimi yoki yo'q, bu boshqa masala. Quyida joriy mavsumning eng yaxshi ochkoga ega beshta klubini bilib olasiz.
5. "Bayer Leverkuzen" – 49 ochko
Bundesligada yangi etakchi paydo bo'lganini hamma biladi. "Bayer" uchun bunday natijaga erishish oson bo'layotgani yo'q. Xabi Alonso boshchiligidagi jamoa 19 ta bahsda 49 ochko jamg'arib, ayni damda turnir jadvali peshqadami bo'lib turibdi. Shuni alohida ta'kidlash joizki, "Bayer Leverkuzen" hali biror o'yinda mag'lubiyat qayd etmadi. Bu klub har bir o'yinda o'rtacha 2.58 ochko jamg'armoqda va bu ko'rsatkich ham Evropadagi eng yuqorisidir.
4. "Yuventus" – 53 ochko
Allegri futbol ommasiga o'z falsafasi haliyam tirik va u ishlashini yana bir bor ko'rsatib qo'ya oldi. Turinliklarga bu mavsumda evrokuboklarning yo'q ekani ham foyda bermoqda. "Yuventus" hozirga qadar 22 ta o'yinning 16 tasini g'alaba, 5 tasini durang va faqat bittasini mag'lubiyat bilan yakunladi. Shu ketishda "Keksa sinora" yana eski davrlardagi kabi chempionlik shoxsupasiga chiqa oladi.
3. "Real Madrid" – 54 ochko
Karlo Anchelotti shogirdlari mavsumning hozirgi qismiga qadar allaqachon o'z raqiblari bo'lmish "Atletiko" hamda "Barselona"dan etarlicha o'zib ketishga ulgurdi. Kutilmagan raqibni hisobga olmaganda, hozir madridliklar bilan hammasi joyida. "Real" etakchidan bir ochko ortda. Ammo ularning qo'lida bitta zaxira o'yini bor. Qisqa qilib aytganda, chempionlik va jamoa taqdiri faqatgina "qaymoqrangliklar"ning o'z qӯlida.
2. "Inter" – 54 ochko
O'tgan mavsumni EChL finalchisi sifatida yakunlagan "Inter" bu mavsumda yanada yaxshiroq bo'lishga intilmoqda. Har qanday o'lchovlarda Inzagi shogirdlarining ishi besh. Evropada faqatgina "Jirona" va "Bavariya" "Inter"dan ko'p gol ura olgan xolos. Kam gol o'tkazish borasida esa "Inter"ga etadigani yo'q. Jamoa markaziy hujumchisi Lautaro Martines joriy mavsumda 19 ta bahsda maydonga tushib, 19 ta golga mualliflik qildi.
1. "Jirona" – 55 ochko
Agarda sizga kimdir bundan olti oy oldin La-Liganing etakchisi fevral oyida ham "Jirona" bo'ladi desa, siz uning ustidan kulgan bo'lardingiz. Ha, "Barsa" va "Atletiko" muammoli jamoalarga aylanib qolgan. Ammo "Real" bilan kurashish, oson emas. Buni hamma yaxshi biladi. 22 ta bahsda 55 ochko to'plash ham hammaga emas. Shu ketishda kataloniyaliklar mavsum oxirida 95 ochko to'play oladi. Bu esa 2009-2013 yillardagi "Barsa" va "Real"dan yaxshiroqdir.
ISMATOV J.
31-Yanvar 2024,12:10