Tomas Tuxel haqidagi xabarlarni o'qidingiz, eshitdingiz. U ham Klopp va Xavi singari mavsum oxirida jamoadan ketadi. Lekin bu uch murabbiyning taqdirlari naqadar turlicha: Biri muxlislar bosimidan, tanqidu e'tirozlardan to'yib ketib, ketishini o'zi e'lon qilgan bo'lsa, biri sharafli faoliyatni chiroyli yakunlash niyatida, yarim yilda o'ziga munosib murabbiy tanlashga imkon ulashib ketajagini aytdi. Tuxelni esa "Bavariya" rahbariyati ketkazmoqda. Bu e'lon “Liverpul”dan ko'ra "Barselona"nikiga yaqin: bo'ldi, Tomasga yopishavermanglar, u ketadi, myunxenliklardan endi bosim ko'tariladi, qabilida...Ha, katta jamoalarning qismati bo'lakcha. U erga murabbiy bo'lib borayotgan odam avvalo muvaffaqiyatsizlik oqibati nechog'lik jiddiy bo'lishini taxmin qilib borishi kerak. Doimo cho'qqida yurgan klub ozgina erga qulasa, muxlislar zardasi, rahbariyat bahonasi va yulduz o'yinchilarning bu holatga tayyor bo'lmagan holda Kimmixga o'xshab o'zlarini telbalarcha tutishini hisobga olmog'i lozim. Tuxel mavzusini shu bilan yopib turishadi. "Bavariya" "Latsio"dan o'tmay qolsa, balki yana davom etar va Tuxel iste'fosi yana ko'rib chiqilar, ya'ni hoziroq chiqish eshigi ko'rsatilar. Ammo yangi murabbiyga ham tizgin qo'ldan chiqib ketgan klubda oson bo'lmasligi ko'rinib turibdi. Xullas, murabbiylar bir paytda ketishi mumkin jamoalarning qismati naqadar farqliligi bu mavsumning eng esda qolarli voqeasi bo'lmoqda.Xayrulla Hamidov.
21-Fevral 2024,15:50