«Barselona» va Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) Hakamlar texnik qo'mitasi sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyra bilan bog'liq shov-shuvli korruptsion ish sud tomonidan batamom yopildiKataloniya klubining ko'p yillar davomida hakamlar ishiga mas'ul mutasaddiga pul to'lab kelgani aniqlandi, ammo bunda korruptsiya alomatlari borligi isbotlanmadi. Xullas, Barselona shahri sudi 24 may kuni ham klub, ham Negreyraga qarshi qo'yilgan barcha ayblovlarni olib tashladi.Ha, so'nggi yillar futbol olamida kuzatilgan eng shov-shuvli mojarolardan biri natijasiz yakunlandi. Vaholanki, «Negreyra ishi» «Barselona»ning butun rahbariyati (jumladan, sobiq rahbarlarni ham) qamrab olgandi. Eslatma, barchasi o'tgan yilning bahorida boshlandi. O'shanda Ispaniya prokuraturasi vaqtida mamlakat futbol federatsiyasiga bo'ysinuvchi hakamlar ishiga mas'ul sanalgan Xose Negreyra va «Barselona» rahbarlari o'rtasidagi uzoq muddatli yaqin hamkorlik yuzasidan keng qamrovli tekshiruv ishlarini boshladi. Prokuratura shu tariqa Kataloniya jamoasi 2001-2018 yillar oralig'ida Negreyra va uning o'g'liga qarashli kompaniyalarga jami chamasi 7,8 million evro o'tkazib berganini aniqladi. Tabiiyki, ushbu ma'lumot Ispaniya futbol jamoatchiligini junbushga keltirdi. Jumladan, La Liga prezidenti Xaver Tebas «Barselona» va Negreyraga bog'liq munosabatlarni ispan futbolidagi eng katta mojaro sifatida qayd etdi. Negreyra so'roqlar davomida «Barselona»ga turli statistik ma'lumotlar va hakamlarning xatti-harakatlari bo'yicha hisobot tayyorlab berganini uchun haq olganini aytib, o'zini oqladi va bu oddiy amaliyot ekanligini ta'kidladi. Shu-ningdek, «Barsa» vakillari ham sobiq rahbarga texnik maslahatlar uchun pul to'langani yuzasidan qayta-qayta bayonot berishdi. Shunga qaramay, «Negreyra ishi» jiddiyligini yo'qotgani yo'q. Deylik, Barselona shahri tergov sudi boshlig'i Xoakin Agirre o'tgan yilning sentyabr oyida ushbu masala bo'yicha Negreyra, «Barselona» va klubning ikki sobiq prezidenti - Sandro Rossel hamda Xosep Bartomeuga qat'iy ayblov e'lon qildi. Ya'ni tomonlar 17 yil davomida korruptsion tizimda ishtirok etganlikda ayblanishdi - pora berish va olish. Oxir-oqibat, sud Negreyra tomonidan hakamlarga «Barselona» foydasiga qaror chiqarish bo'yicha ko'rsatma berilgani yoki bosim o'tkazganini tasdiqlaydigan dalillarni topolmadi. Shuningdek, UEFA olib borgan surishtiruvda ham jinoyat alomatlari aniqlanmadi. Boz ustiga, 79 yoshli Negreyra joriy yilning yanvar oyida sudga psixiatr xulosasini taqdim etdi. Unda Negreyra qarilikka bog'liq aqliy zaiflikdan aziyat chekishi va bu uning sud jarayonida to'g'ri guvohlik berishiga to'sqinlik qilishi bayon etilgan. Kamiga Negreyrada altsgeymer xastaligi borligi ham aniqlandi. To'g'ri, sud ushbu tashxislarga qaramay, Negreyrani javobgarlikka tortish mumkinligini qayd etdi. Biroq prokurorlar barchasini hisobga olib, undan barcha ayblovlarni olib tashladilar. Shu tariqa sud ishni yopishdan o'zga chora topolmadi. Tamom, «Barsa» bitta katta muammodan qutuldi, nihoyat... S.RAHMONOV tayyorladi
8-Iyun 2024,12:20
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0