Hozirda rekonstruktsiya ishlari olib borilayotgan «Kamp Nou» stadionidagi VIP-o'rindiqlarning 95 foizi allaqachon uzoq muddatga «bron» qilib bo'lindi.
Oddiy aytganda, «Barselona» rahbariyati tribunadagi alohida kreslolar huquqini deyarli to'liq sotishga ulgurdi.
«Barselona» tomonining o'zi «Kamp Nou» arenasidagi VIP-o'rindiqlardan 95 foizi allaqachon o'z egalarini topganini rasman tasdiqladi. Klubning alohida bayonotiga qaraganda, elit toifaga mansub o'rindiqlarning aksariyati 8-10 yil muddatga «bron» qilingan. Vaholanki, stadionda keng qamrovli qurilish ishlari hali davom etmoqda. Umuman, «Barselona» rahbariyati yangilangan «Kamp Nou» yiliga 120 million evro miqdorida foyda tushirishiga ishonmoqda.
Rekonstruktsiya jarayoni aks ettirilgan fotosuratlarga qarasak, stadionning tayyor bo'lishiga hali ancha bor. Lekin «Barsa» chala «Kamp Nou»dan dividend ola boshladi allaqachon. Jamoaning hamon og'ir moliyaviy holatdan chiqolmayotganini nazarda tutsak, bu ayni muddao, albatta. Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham yo'q emas: kelajak daromadini bugun iste'mol qilish keyingi mavsumlarda aks ta'sirini ko'rsatishi ham hech gap emas.
12-Avgust 2024,23:40