Daniyalik Martin Breytueyt «Espanol»ni tark etib, Braziliyaning «Gremio» jamoasi tarkibidan joy oldi.
Endi futbolchi o'zining sobiq klubini xarid qilish xususida bosh qotirmoqda. Media vakillarining fikricha, Martin klub rahbariyati bilan orani ochiq qilib, uni jamoada ko'rishni istamagan mutasaddilarni lavozimlaridan chetlatishni maqsad qilgan.
Breytueyt mablag'ni qaerdan olgan?
Martin - kamida 250 mln. dollarli sarmoya sohibi, klubni xarid qilish masalasida muammoga duch kelmasa kerak. Ayniqsa, loyihaga sarmoyadorlarni jalb etsa - bu borada tajribasi etarli.
Eng badavlat futbolchi
2021 yilda Breytueyt «Barselona»ning eng badavlat futbolchisi ekanligi ma'lum bo'lgandi. Aynan shu sababli uni moliyaviy inqiroz tufayli cho'kib borayotgan top-klubga qabul qilishgandi: futbol grandlari mezoniga ko'ra, Martinning ish haqi yiliga 6 mln. evro atrofida, jamoadoshlari orasida 14-o'rinda edi. Breytueytning lazzat olish uchun futbol o'ynashi, mablag' uni qiziqtirmasligi o'sha paytdayoq ma'lum bo'lgandi.
Martin - katta oiladan. Uning ota-onasi AQShda uchrashishgan, keyinchalik onasining vatani bo'lmish Daniyaga ko'chib o'tishgan. Lekin futbolchining qarindoshlari, jumladan, eng asosiy shaxs - amakisi Filip Maykl Shtatlarda qolishgan. 2014 yilda Filip ko'chmas mulkka sarmoya kiritishga ixtisoslashgan xususiy kompaniyasini tashkil etdi va bu haqda xaridorgir kitob yozdi. Shu tariqa Maykl Daniyadagi qarindoshlari, ayniqsa, Martin bilan aloqani kuchaytirdi. 2017 yilda Filip va Martin juftligi NYCE Companies loyihasiga asos soldi.
Breytueyt 1 mln. dollar sarmoya kiritib, dastlabki yirik investorga aylandi. O'shanda bu Martin uchun katta mablag' bo'lgan, «Midlsbro»dagi yillik ish haqi taxminan shuncha edi.
Sarmoyalarni jalb etish
NYCE qanday yumushlar bilan shug'ullanadi? Turar-joy inshootlarini qurib, keyin unga sarmoya kiritish niyatida bo'lgan shaxslarga yordam beradi. Avvaliga kompaniya Jersi-Siti tumanida hashamatli uylarni tikladilar, ikki yildan keyin esa TRIBE ilovasini o'ylab topib, istagan kishilarni investorlikka taklif eta boshladilar. A'zolik badali atigi 100 dollar. Albatta, bitta «qog'oz» evaziga binoning sanoqli santimetrlarini xarid qilish mumkindir. Lekin kelajakda o'z ulushini bir necha baravar qimmatroq bahoda sotish imkoniyatiga ega bo'linadi. Axir ko'chmas mulk nomli xazina tobora qimmatlashib boraveradi.
Pandemiya davrida kompaniya aqlli uylar bozoriga kirishga qaror qildi. Masalan, Filadelfiya Universiteti uchun yotoqxona qurishni boshladi. Ayni pallada o'z maqomini ham o'zgartirdi, ya'ni, aktsiyadorlik jamiyatiga aylandi. Endi uning aktsiyalarini qimmatbaho qog'ozlar bozorida xarid qilish imkoniyati paydo bo'ldi. Natijada, kompaniya 25 mln. dollar sarmoyani o'ziga jalb etdi.
Breytueytning biznes-imperiyasi
Martin o'zining imkoniyatlaridan samarali foydalanadi. Asosiy yo'nalishi bo'lgan ko'chmas mulk sarmoyadorligidan tashqari, o'z rafiqasi bilan Trente kiyim-kechaklar brendini hamkorlikda boshqaradi, yaqinda Barselonada restoran ochdi.
Bu muassasa vegeterianlar uchun go'shtsiz taomlar tayyorlanadi, menyuning muallifi - Martinning rafiqasi Anna Laura. Hozir restoranning faoliyat doirasi kengayib ketgan - u individual taomlarni tayyorlash va uyga etkazib berish vazifalarini ham o'z zimmasiga olgan.
Biznesmenning ko'chmas mulk sohasidagi ishlari ham chakki emas - 2021 yilda uning izmidagi xonadonlar soni 1500ta etgan, yana 500tasida bunyodkorlik davom etayotgandi. Shuningdek, u 100 ming nafar investorlarni o'ziga jalb etgandi.
«Espanol» unga nima uchun kerak?
Breytueyt futbol klubini xarid qilishga tayyor - har holda, matbuotda shunday xabarlar bor. Martin «Espanol» rahbariyati bilan yaxshi munosabatda emas. Ko'pchilikning fikricha, u o'zini xafa qilgan menejerlardan o'ch olish maqsadida sobiq jamoasini sotib olishga qaror qilgan.
Gap shundaki, Breytueyt Daniya terma jamoasi safida Evro-2024da qatnashish istagida edi. Biroq uni turnirga jalb etishmagani barchaga ma'lum. Vaholanki, Segundaning o'tgan mavsumida hujumchi 22ta gol va 2ta assistning muallifi bo'lgandi.
Futbolchi «Espanol»dagi o'yiniga oid vaziyatni quyidagicha sharhlagandi: «O'tgan yil yozida klub men bilan shartnoma muddatini uzaytirmoqchi edi. Biroq mutasaddilar menga nisbatan hurmatsizlik namoyish etishdi. Qani ko'raylikchi, ular jamoada qolishimni istaydilarmi yoki yo'qmi. O'tgan yildagi taklif menga ishonmasliklaridan dalolat bergandi».
Boshqa taxminga ko'ra, bir yil avval Martin «Espanol» uni La Liga klubiga qo'yib yuborishini istagan va shu yo'l bilan Daniya termasidan chorlov olishni mo'ljallagandi. Biroq bu ham amalga oshmadi. Quvonarli holat shuki, Breytueyt ichki mojarolarga qaramasdan, professionalga xos to'p surdi va jamoaning elitaga qaytishiga munosib hissa qo'shdi. Hozir 33 yoshli faxriy «Gremio» safida, lekin «Espanol» xaridi uning biznes-rejasidan joy olgan. O'zingiz o'ylab ko'ring:
- Mablag' etarli - 3 yil avvalgi 250 mln.dan ko'pligi aniq;
- Ispaniyadagi, va aynan «Espanol» joylashgan Barselonadagi muvaffaqiyatli biznes;
- Investorlarni jalb etish tajribasi, ya'ni, klubni xarid qilishda muammo bo'lmasligi.
Faqat bitta salbiy jihat bor: futbol klubi - biznesning katta foyda keltirmaydigan o'ziga xos sohasi. Sarmoyani ko'paytirishning ishonchli usuli - brendni rivojlantirish va keyinchalik ulushni sotish. Biroq buning uchun tirishqoqlik talab etiladi - «Espanol» maydonda ham muvaffaqiyatli bo'lishi lozim.
A.AHMEDOV tayyorladi
24-Avgust 2024,15:30