"Barselona" sardori Lionel Messi Ispaniya chempionatining noyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Argentinalik futbolchi o'tgan oyda La liga doirasida 3ta o'yinda maydonga tushib, ularda 4ta gol urdi va bitta golga uzatma berdi. "Levante"ga qarshi o'yinda u bitta gol urgan bo'lsa, "Selta" bilan uchrashuvda "xet-trik"ga erishdi. "Leganes"ga qarshi bahsda Suaresning goliga assistentlik qildi. Bundan tashqari, Messi Argentina terma jamoasi safida ikkita gol urgan bo'lsa, Evropa chempionlar ligasi doirasida Dortmundning "Borussiya" klubi darvozasini bir marta ishg'ol qildi. Leo ushbu mavsumda jami 14ta o'yinda maydonga tushib, 11ta to'p kiritdi va 8ta golga uzatma berdi. Messi dushanba kuni faoliyatidagi oltinchi "Oltin to'p"ni qabul qilib oldi. La liganing noyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi sovrini 21 dekabr kuni bo'ladigan "Barselona" - "Alaves" o'yinida topshiriladi.
6-Dekabr 2019,22:20
O'qildi: 42 - Fikirlar: 0