Qirollik Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) 26 aprel, shanba kuni bo'lib o'tadigan Ispaniya Kubogi finalida ishlaydigan hakamlar — Rikardo de Burgos Bengoechea va Gonsales Fuertesni o'yindan olib tashlash masalasini jiddiy ko'rib chiqmoqda. Bu haqda "The Athletic" xabar bermoqda.Manbaga ko'ra, hakamlarning matbuot anjumanidagi bayonotlari ularning finalda ishlash imkoniyatini xavf ostiga qo'ygan. Avvalroq “Real” klubiga tegishli Real Madrid TV telekanali de Burgos Bengoecheaning faoliyatini tanqid qilgan edi. Ushbu hakam “Barselona”ga qarshi uchrashuv uchun bosh hakam sifatida tayinlangan. Matbuot anjumanida bu haqda berilgan savolga javob berar ekan, de Burgos ko'z yoshlarini tiyolmadi. VARda ishlashi kerak bo'lgan Gonsales Fuertes esa Real Madrid TV’ning videosi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytdi.Ma'lumotlarga ko'ra, “Real” klubi RFEF’ga murojaat qilib, matbuot anjumanidagi so'zlar sababli hakamlarni finaldan chetlatishni so'ragan, ammo federatsiya bu talabni rad etgan. Bunga javoban “Real Madrid” final oldidan o'tkaziladigan barcha rasmiy tadbirlarda, jumladan matbuot anjumanida ishtirok etishdan bosh tortdi.
O'qildi: 132 - Fikirlar: 0