"Real" "Ayaks"ning 16 yoshli marokashlik iqtidori Abdella Ouazanni o'z safiga qo'shib olishga yaqin edi, biroq kutilmaganda kelishuv barbod bo'lish xavfi ostida qoldi. Diario AS xabariga ko'ra, madridliklar tibbiy ko'rikdan o'tib, barcha hujjatlar tayyor bo'lganiga qaramay, transferni so'nggi bosqichda to'xtatgan.
Ouazan dushanba kuni Ispaniya poytaxtiga etib keldi va "Real" bilan uch yillik shartnoma imzolashi, shundan so'ng Alvaro Arbeloa qo'l ostida "Kastilya"ga o'tishi kerak edi. Ammo hozircha madridliklar unga rasmiy shartnoma imzolashni taklif qilgani yo'q.
Manbaga ko'ra, tibbiy ko'rik paytida ba'zi muammolar yuzaga kelgan bo'lishi mumkin, shuning uchun klub yakuniy qarorni keyinga qoldirgan. Agar shartnoma imzolanmasa, o'yinchining vakillari muqobil variantlarni izlay boshlaydi. Unga "Barselona" va "PSJ" qiziqish bildirayotgan edi.
Yarim himoyachi Afrika U-17 kubogida Marokash yoshlar terma jamoasining etakchilaridan biri bo'lgan, shundan so'ng u "Real"ning qiziqishini uyg'otgan. Uazan "Ayaks" akademiyasining eng istiqbolli tarbiyalanuvchilaridan biri hisoblanadi, u bilan shartnoma allaqachon tugagan.