«Barselona» himoyachisi Alexandro Balde Gvineya-Bisau davlatidagi otasi tug'ilgan qishloqda boshlang'ich maktab va ichimlik suvi qudug'ini qurdirdi. Bu orqali u o'z ajdodlariga sadoqatini va ijtimoiy mas'uliyatini namoyon etdi.Ispaniya terma jamoasi a'zosi Balde amalga oshirgan bu xayrli loyiha uning vataniga va ijtimoiy mas'uliyatga bo'lgan chuqur munosabatining ramziga aylandi. Futbolchi Sabuiya qishlog'ida maktab va quduq qurilishi uchun mablag' ajratdi.Loyiha Baldening shaxsan ishtiroki hamda hamkorlar ko'magida amalga oshdi. Ular orasida «Barselona» fondi va Nike kompaniyasi ham bor. Yangi maktab bolalarga sifatli ta'lim olish imkoniyatini bersa, quduq qishloq aholisini toza ichimlik suvi bilan ta'minlab, hayot sharoitini sezilarli darajada yaxshiladi.Balde o'z shaxsiy YouTube-kanalida videolavha orqali loyihaning bosqichlarini va bolalar bilan muloqot jarayonlarini namoyish qildi. U hatto kichik detallarga e'tibor qaratdi: barcha o'quvchilarga bir xil maktab formasi berildi, shunda hech kim o'zini kamsitilgan yoki chetlatilganday his qilmaydi.Baldening bu ishi muxlislar va sport jamoatchiligi orasida katta e'tirofga sazovor bo'ldi. Ko'pchilik uning bu qadamini yosh sportchilar uchun namuna sifatida baholadi.