
«Barselona» yarimhimoyachisi Gavi Ispaniya La Ligasi 28-turida «Sevilya» ustidan qozonilgan 5:2 hisobidagi g'alabadan keyin jamoa bosh murabbiyi Xans-Diter Flik haqida fikr bildirdi.«Rostini aytsam, juda og'ir bo'ldi, haqiqatan ham oson emas edi. Tiklanish jarayoni og'riqli kechdi va kun sayin yanada qiyinlashib bordi. Bugun «Kamp Nou»dagi his-tuyg'ular esa o'ziga xos. Men juda baxtliman.Flik doimo mening yonimda bo'ldi, xuddi otamdek. U har doim meni qo'llab-quvvatladi. Unga minnatdorman, chunki u menga hamisha ishongan va men buni his qilardim. Men juda baxtliman va u jamoamizda yana uzoq vaqt qolishiga umid qilaman.Men bu klub uchun doimo bor kuchimni beraman va hayotimning qolgan qismida ham shunday qilishda davom etaman», — deya Gavi so'zlarini keltiradi Marca.Gavi maydonga 82-daqiqada chiqdi. U xet-trik qayd etgan Rafinya o'rniga o'yinga qo'shildi.21 yoshli yarimhimoyachi avgust oyi oxiridan beri maydonga tushmayotgan edi. O'shanda u tizzaning ichki meniskisini jarohatlagan. Sentyabr oyida «Barselona» klubi Gavi artroskopiya amaliyotini o'tkazganini ma'lum qilgan.





284