
«Barselona» klubi «Defensor Sporting» himoyachisi Patrisio Pasifikoning ijara muddatini uzaytirish niyatida, deb xabar bermoqda Mundo Deportivo.
Manbaning bergan ma'lumotlariga ko'ra, 20 yoshli urugvaylik futbolchi Kataloniyaga kelgan ilk kunlaridanoq ijobiy taassurot qoldirdi va bu unga jamoada doimiy asosda qolish uchun katta imkoniyat bergan edi. Biroq bir necha kun avval u tizzasining oldingi xochsimon bog'lamlarini uzib oldi va 8-9 oyga safdan chiqdi.
«Defensor Sporting» bilan ijarani uzaytirish bo'yicha dastlabki muzokaralar bo'lib o'tdi. Bu yosh futbolchiga jarohatdan forig' bo'lganidan keyin doimiy shartnoma olish uchun yana bir imkoniyat beradi.
«Barselona» ushbu masalani 2025/26 yilgi mavsum yakunigacha hal qilishni rejalashtirmoqda. Klub Pasifiko tiklanish davrida o'z tibbiy departamenti nazorati ostida bo'lishini istamoqda. Futbolchining 2027 yil boshida maydonga qaytishi kutilmoqda, demak unda o'zini ko'rsatish uchun kelasi mavsumning ikkinchi yarmi to'liq bo'ladi.
Hozirda Pasifiko operatsiyani kutmoqda. Tizzasidagi shish hali qaytmagani sababli jarrohlik amaliyotini hozircha o'tkazish imkoni yo'q. Eslatib o'tamiz, «Barselona» va Pasifiko o'rtasidagi amaldagi ijara shartnomasi 2026 yilning 30 iyunigacha mo'ljallangan.
O'qildi: 159541 - Fikirlar: 0
O'qildi: 49448 - Fikirlar: 0





739