Yozda katta transfer amalga oshishi mumkin. Gap o'sha eski mavzu — Neymar va "Barselona" haqida bormoqda.
Xabarlarga ko'ra, "Barselona"ning yozgi transferdagi asosiy maqsadi — Neymar. 28 yoshli futbolchining Kataloniya klubiga ko'chib o'tishi 180 mln evroga tushishi mumkin.
Eslatib o'tamiz, 2017 yilda "PSJ" Neymarni "Barselona"dan tovon puli — 222 mln evroni to'lab sotib olgandi. Bu hozircha rekord. Ammo "Barselona" Neymarni bundan kamroq summa evaziga qaytarish mumkinligiga ishonyapti. Qolaversa, Neymar va Parij klubi rahbariyati o'rtasidagi munosabat hali iliqlashgani yo'q. Neymar "PSJ" sport direktori Leonardoni ko'rganida hali ham qovog'ini soladi.
Shu bilan birga, "PSJ" rahbariyati Neymarni sotib olish katta foyda keltirmadi deb hisoblamoqda. Chunki rejaga ko'ra, o'tgan uch yil ichida "PSJ" nafaqat EChL finaliga chiqishi, balki, ushbu turnirni hech bo'lmaganda bir marta yutishi kerak edi. Ammo reja o'xshamadi. Bugun frantsuz klubi xo'jayinlari "PSJ" braziliyalik futbolchi bilan yuqori cho'qqilarga chiqishiga ishonishmayapti. Shu sababli klub Neymar bilan yangi shartnoma borasida muzokara boshlamadi. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2022 yilda tugaydi.
Bundan tashqari, ekspertlarning fikricha, parijliklar Neymarning jurnalistlarga aytayotgan bayonotlariga nisbatan salbiy munosabatdalar va unga ishonishmaydi. "PSJ"ning bor e'tibori hozir jamoaning yosh yulduzi — Kilian Mbappega qaratilgan.
Bu galgi EChL — Neymar va "PSJ" mavzusiga echim topib beradigan omil. Parijliklar Neymar chindan ham jamoaning ijobiy natijalariga katta hissa qo'sha olishiga ishonch hosil qilishmoqchi. Agar Neymar "PSJ" safida faol o'ynamasa va jamoasining yutuqqa erishishiga hissa qo'sha olmasa yoki buni ta'minlay olmasa, yozda boshqa jamoaga sotib yuboriladi.
Xorijiy manbalarning yozishicha, "Barselona" yozda Neymarni sotib olish uchun yaxshigina imkoniyatga ega. Ammo Kataloniya klubi buning uchun bir nechta futbolchisidan voz kechishiga to'g'ri keladi.
Nizomjon ISLOMOV
12-Mart 2020,17:50