Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvli xabar tarqaldi: “Ronald Kuman kelgusi mavsumda “Barselona”ni boshqaradi”. Bu xabar ommaning e'tiborini tortdi, negaki Kataloniya klubi ustozi Ernesto Valverdening kursisi qimirlab turibdi. Bitta sharmandali mag'lubiyat uning iste'fosi uchun etarli bo'lishi mumkin. Xo'sh, Ronald Kuman uning o'rniga munosib nomzodmi?
GOLSEVAR HIMOYaChI
Ronald Kuman 1963 yilning 21 martida Gollandiyada tug'ilgan.
Futbolchi sifatida Gollandiyada ikki marta yil futbolchisiga aylangan. Qolaversa, u futbol tarixidagi eng sermahsul himoyachi hisoblanadi, Kuman 533 ta o'yinda 193 ta gol urishga erishgan. Ayniqsa, u jarima zarbalarini qoyilmaqom tarzda ijro etgan. U juda ko'p gollarini aynan stantdart vaziyatlardan kiritgan.
Kuman futbolchi sifatida karerasini «Groningen» klubida boshlagan, 1983 yilda esa “Ayaks” safiga ko'chib o'tgan. 1984/85 yillardagi mavsumda birinchi bor Niderlandiya chempioniga aylangan. 1986—1989 yillarda “PSV” safida o'ynagan va uch bor mamlakat chempionatida zafar quchgan. 1987/88 yillardagi mavsumda esa Evropa chempionlar kubogi sohibi bo'lgan. 1989 yilda esa Kuman «Barselona» a'zosiga aylanadi va 6 yil to'p suradi. Bu muddat davomida u 4 marta Ispaniya chempioni bo'ladi, shuningdek, 1991/1992 yillardagi mavsumda Evropa chempionlar kubogi bosh sovrinini boshi uzra baland ko'taradi. Quvonarlisi, u final o'yinida “Sampdoriya”ga qarshi o'yinda jarima zarbasini golga aylantirib, finaldagi yagona golga mualliflik qiladi. U faoliyatini 1997 yilda «Feyenoord»da tugatadi.
Terma jamoa safida ham Kuman yaxshi natijalar qayd etgan. Masalan, 1983–1994 yillarda terma safida o'ynab, 1988 yilgi Evropa chempionatida zafar quchishni uddalagan. Shuningdek, 1990 va 1994 yillardagi jahon chempionatida va 1992 yildagi Evropa chempionatida qatnashadi. Kuman terma jamoa sardori edi va u terma safida jami 78 ta o'yinda 14 ta gol urgan.
MURABBIY SIFATIDA
Ana endi asosiy mavzuga keldik. Ronald Kuman “Barselona” murabbiyi bo'lishga loyiqmi?
Ronald murabbiylik karerasi davomida «Vitess», «Ayaks», PSV, AZ, «Feyenoord», «Benfika», «Valensiya» va boshqa klublarda ishlagan. 2014 yilda «Sautgempton» klubi murabbiyi bo'lib, ikki mavsum faoliyat olib borgan. 2016 yilning iyunida esa «Everton» ustoziga aylanadi. Kuman bosh murabbiy sifatida uch marta Niderlandiya chempioni bo'lgan, shuningdek, Niderlandiya va Ispaniya kuboklarini qo'lga kiritgan. 2007/2008 yillardagi mavsumda «Valensiya» bilan Qirol kubogini qo'lga kiritgan (finalda «Xetafe» 3:1 hisobida mag'lub etilgan).
Kuman «Everton»ni boshqargani orqali ham yaxshi tanilgan. Uning qo'l ostida «Everton» dastlab 7-o'rinni egallab, Evropa ligasi saralashida o'ynash imkonini qo'lga kiritadi. Lekin keyingi mavsumda salbiy natijalar tufayli, 9-turda «Arsenal»dan uchralgan mag'lubiyatdan keyin iste'foga chiqadi.
2018 yilning 6 fevralida Kuman Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiysiga aylandi. Ta'kidlash kerakki, u ayni damda yosharayotgan terma jamoani yaxshi boshqarmoqda. Yosh futbolchilar bilan ishlashda etarlicha mahorat va tajribaga ega ekanligini isbotlayapti.
Ta'kidlash kerakki, ayni damda «Barselona»da ham yoshlar ko'paymoqda. Jamoaga aynan Kumanga o'xshagan futbolchilar bilan til topisha oladigan, kimni qaerda o'ynatishni biladigan murabbiy kerakdir, balki. «Barselona»ni boshqaradigan murabbiydan, aslida, ko'p narsa talab qilinmaydi. Jamoada ijrochilar etarlicha, faqat murabbiy kimni qachon tushirishni va qaerda o'ynatishni bilsa bo'lgani. Shuningdek, futbolchilarning ko'nglidan ham chiqa olish kerak.
Ronald Kuman «Barselona»ga mos tushadi, deb to'liq ishonch bilan ayta olmaymiz, ammo shunisi ma'lumki gollandiyalik mutaxassis Ernesto Valverdedan tajribaliroq. Xo'sh, nima deb o'ylaysiz, Kuman «Barselona»ni boshqarishga munosibmi?
Nizomjon ISLOMOV
22-Oktyabr 2019,18:20
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0