Mavsum yakunlanishi uchun ikki oy qolganiga qaramay, “Oltin to'p” uchun da'vogarlar nomi aniq bo'lganicha yo'q. Aslida bu mavsum so'nggida bo'lib o'tishi kutilgan “Evro-2020” musobaqasi barchasiga oydinlik kiritishi kerak edi, biroq koronavirus barcha rejalarni barbod qildi. Bugun bu mavsumda “Oltin to'p” uchun da'vogarlik qilishi kutilayotgan futbolchilar beshligi qisqacha bilan tanishtirib o'tamiz.
Leo Messi
O'zining 7-oltin to'pini qo'lga kiritish Messi uchun oson bo'lmasligi aniq, biroq unda imkoniyat mavjud. Argentinalik futbolchi ayni damda La Ligada 19 ta gol bilan to'purarlik qilmoqda. Qahramonimiz mavsum startida ko'rinish bermagan bo'lsada, 2020-yilni ko'tarinki kayfitatda boshladi. 2020-yilda Messi 9 ta gol va 7 ta golli uzatmani amalga oshirgancha, “Barselona”ni ortidan etaklashda davom etmoqda. Katta ehtimol bilan, Evropa chempionati o'tkazilganida, Leo “oltin to'p”ni qo'lga kiritish imkoniyati kamayib ketgan bo'lar edi. Virus sababli kelasi yilga qoldirilgan musobaqa argentinalik futbolchi uchun imkoniyat eshiklarini ochishi turgan gap.
Krishtianu Ronaldu
Krishtianu bu mavsumni pastroq tempda boshladi. Shunga qaramay, dekabr oyidan boshlab tezlik olishni boshladi va A seriyaning 11 ta uchrashuvida maydonni golsiz tark etmadi. Bundan tashqari, so'nggi ikki oy davomida aynan Ronaldu Italiyada oyning eng yaxshi futbolchisi deb e'tirof etildi. Qahramonimiz 2020-yilga kelib o'zining sport formasini eng yuqori cho'qqiga olib chiqishni uddaladi. 13 ta gol va 2 ta assist. Uning yoshidagi futbolchilar uchun shunchaki fantastik ko'rsatgich. Koronavirus sababli to'xtatilgan mavsum Ronalduning zarariga ishlashi mumkin. Sababi, UEFA qoldirilgan uchrashuvlarni yozda o'tkazishni rejalashtirmoqda. Bundan ko'rinib turibdiki, Ronalduning sport rejimi bunday vaziyatda ish berishi mushkullashadi. Asosan jismoniy imkoniyatlari evaziga o'z statusini ushlab qolayotgan portugaliyalik o'z faoliyatida bunday pauzaga duch kelmagan. Voqeyalar rivoji yanada qiziqarli bo'lishi aniq. Kuzatishda davom etamiz.
Neymar
Neymar ham korona-tanaffusga ko'tarinki kayfiyatda etib keldi. Ayniqsa, uning ikki yildan beri davom etib kelayotgan EChLdagi omadsizligi “Borussiya”ga qarshi uchrashuvda yo'qqa chiqdi. Braziliyalik futbolchi dortmundliklar bilan o'yinlarda ikkita gol kiritdi va PSJni chorak finalga olib chiqdi. Qahramonimiz 2020-yilda 9 ta gol va 4 ta assistni amalga oshirishga muvaffaq bo'ldi. Bu chakki korsatkich emas. Boz ustiga, uning EChLdagi qahramonligini ham unutmaslik lozim! Umuman olganda, Evropa chempionati qoldirilgach, Neymarda uzoq kutilgan “Oltin to'p”ni qo'lga kiritish uchun imkon paydo bo'lmoqda. Buning uchun EChLda nimalarga qodir ekanligini namoyon qilish kerak. PSJning Frantsiya chempionligini qo'lga kiritishi Neymarga hech qanday qo'shimcha imkoniyat taqdim etmasligi aniq.
Mbappe
“Oltin to'p” uchun eng yosh favorit. To'g'ri, so'nggi paytlarda Neymar PSJning asosiy yulduzi ekanini isbotlab qo'ydi, biroq braziliyalik jarohat olganida Mbappe nimalarga qodir ekanini barchaga namoyish etib qo'ygani ham bor haqiqat. Tan olish lozim, Neymar va Mbappe zamonaviy futboldagi eng kuchli tandemlardan biri. Mbappe bugungi kunda “Liga 1”da 18 ta gol bilan peshqadamlik qilmoqda. Bundan tashqari, klub mamlakatning ikkita kubogi finaliga qadar etib kelgan. Killian 2020-yilni qolgan da'vogarlardan yomon o'tkazmayapti. 13 ta gol va 9 ta golli uzatma.
Levandovski
“Bavariya” mavsumni beqaror boshlagan bo'lsa-da, Levandovski barqaror o'yin ko'rsatishdan to'xtamadi. U “Bavariya”ning eng qiyin pallada ham pastga tushib ketmasligi uchun harakat qildi va uddaladi. Polshalik futbolchi Bundesliganing qatorasiga 15 ta uchrashuvida gol kiritdi va musobaqa to'purariga (25) aylanib oldi. Shuningdek, u EChLning bu mavsumida to'purarlar poygasida ham (11) barchadan oldinda ketmoqda.
23-Mart 2020,06:40