«Barselona» hujumchisi Usmon Dembele ko'p jarohat olayotganiga qaramay, klub uni sotmoqchi emas. "Diario Sport" tarqatgan xabarga ko'ra, «Barselona» yozda frantsiyalik futbolchini transferga qo'ymoqchi emas. Klubning fikricha, birinchidan, bu og'ir jarohatdan endigina sog'aygan o'yinchiga nisbatan nohaqlik bo'ladi.Ikkinchidan, «Barsa» ham, bosh murabbiy Kike Seten ham Dembeleda jamoaga foyda keltirishi mumkin bo'lgan katta salohiyat borligiga ishonishmoqda, Usmon klubning muhim o'yinchisiga aylanishiga umid qilishmoqda. "Ko'k-anorranglilar" tibbiyot shtabi Dembelening jarohatlarini chuqur o'rganib, ikkita xulosaga kelishdi. Birinchidan, Dembelening suyak va mushaklari u jamoaga kelganidan beri mustahkamlangan. U "Barsa"ga kelgan paytda uning tanasi hali to'liq shakllanmagan edi. Ikkinchidan, Dembelega individual mashg'ulot dasturi kerak. Boisi, sprinterlik xususiyatiga ega bo'lgan futbolchi o'z mushaklarini yanada kuchaytirish ustida ishlashi kerak. Usmon "Barselona" safidagi eng so'nggi uchrashuvni 27 noyabr kuni o'tkazgan edi. Ushbu mavsumda u La liga doirasida 5ta o'yinda maydonga tushib, bitta gol urdi.
23-Mart 2020,21:30