Andreas Inesta 36 ga kirdi. “Andreas Inesta futboldan ketsa, futbol kimdan ayrilganini bilib oladi!” Bu gap marhum Tita Vilanovaga tegishli.Hozir Inestaning uyiga borsak, menimcha, bir xona to'la kubok bo'lsa kerak. Qo'lga kiritilgan sovrinlari Messinikidan ko'proqligiga ishonaman. To'g'ri, “Barsa”da ikkisi bir xil natijalar qayd etishgan, ammo Leo Ispaniya termasida o'ynamagan-ku, to'g'rimi?!Men bu yigitni ilk bora barcha yurtdoshlarimiz singari 2003 yilgi yoshlar o'rtasidagi JChda ko'rganman. Inesta o'shanda O'zbekiston yoshlari darvozasiga yagona golni urgandi. Bu yigitning eng porloq onlari, albatta, Kataloniya superklubining tizimidagi o'zgarish davriga to'g'ri keladi. Andreas Xavi va Messi bilan shunday bir uchlik bo'ldiki, bu uchlikka qarshi o'ynab bo'lmay qoldi. Ular futbolni o'zgartirib yuborishdi. Bu uchlik ichida menimcha eng ko'p ishni Inesta amalga oshirgan...Andreas alohida olinganda ham o'z uslubiga ega nodir futbolchidir. Uning to'p bilan original harakati – raqibni aylanib aldab o'tishi haligacha betakror hisoblanadi. Fe'lan o'ta kamtarin bo'lgan qahramonimizdan kamida bitta “Oltin to'pi”ni olib qo'yishganini ham bilamiz. Lekin u bunaqa narsalarga e'tibor bermaydi. O'ynayveradi.16 yil davomida maydon markazida hokimlik qilgan bu yigit klubning nurli davrlarida asosiy motor edi. 2010 yili Ispaniya termasiga jahon chempionligini taqdim etgan golni yo'llaganini har bir ispaniyalik bolakay rohatlanib eslasa, Barsa muxlislari 2009 yili Chelsi darvozasiga yo'llagan supergolini unuta olmaydilar. Gollar uning asosiy fishkasi emas, albatta. Inesta maydonni o'qiy bilishi, hujumni boshqa tomonga ko'chira olishi bilan dong taratgan. Gvardiolaning murabbiylik davridagi Inestaning o'yinini takrorlash imkonsiz, deb o'ylaymiz.Xayrulla HAMIDOV
11-May 2020,10:30
O'qildi: 40 - Fikirlar: 0